Logo

Saida Mirziyoyeva Toshkentdagi Afrosiyob ko‘chasiga bordi

Бугун 17:381 дақиқа

Prezident administratsiyasi rahbari mutasaddilar bilan Sayilgoh ko‘chasi, Amir Temur shohko‘chasi va unga tutash hududlarni yangilash, Bobur nomidagi Ekopark hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi bog‘ maydonlarini kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Saida Mirziyoyeva Toshkentdagi Afrosiyob ko‘chasiga bordi © Saida Mirziyoyeva Telegram kanali

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkent shahridagi Afrosiyob ko‘chasida joylashgan bog‘ni ko‘zdan kechirdi.

U yerda aholi uchun zamonaviy va qulay dam olish hududini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, mutasaddilar bilan Sayilgoh ko‘chasi, Amir Temur shohko‘chasi va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish, Bobur nomidagi Ekopark hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi bog‘ maydonlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, Toshkent jadal sur’atlarda rivojlanayotgan bo‘lsa-da, shaharda yashil hududlar yetarli emas. Shu bois yangi istirohat bog‘larini tashkil etish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini kengaytirish poytaxt kelajagi uchun ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

«Asosiy vazifamiz — poytaxtimizga «yashil shahar» maqomini qaytarish, odamlar mazmunli hordiq chiqarishi va sayr qilishi uchun imkon qadar ko‘proq ochiq maydonlar yaratishdir. Qulay va xavfsiz muhitni rivojlantirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini izchil davom ettirish hamda mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish lozim», — dedi Saida Mirziyoyeva.

Теглар

Мавзуга оид