Logo

Samarqanddagi maktab direktori qizlarga shilqimlik qilgani va o‘quvchilarni kaltaklagani aytilmoqda

Бугун 11:253 дақиқа

Qolaversa, maktab direktori tomonidan yozilgan xabarlardagi imlo xatolari jamoatchilik orasida keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Samarqanddagi maktab direktori qizlarga shilqimlik qilgani va o‘quvchilarni kaltaklagani aytilmoqda © Ijtimoiy tarmoqlar

Samarqand shahridagi 81-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Oloviddin Ochilov atrofida ketma-ket mojarolar yuzaga keldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar va videolarga ko‘ra, maktab rahbari tadbirga kelgan yosh xodimalarga shilqimlik qilgani hamda maktab hovlisida o‘quvchilarni urib-tepgani aytilmoqda. Farzandi himoyasi uchun maktabga kelgan ota-onalarga esa unga pedogogikani o‘rgatmaslik kerakligini aytib javob bergan. Holat yuzasidan Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirgan.

Yosh xodimalarga nisbatan tegajog‘lik va imlo xatolari holati

Samarqanddagi xususiy nashriyotlardan birining asoschisi, tadbirkor Zebo Ismatullayevaning «Facebook» sahifasida e’lon qilgan posti va unga ilova qilingan suratlariga ko‘ra, shu yilning 16-iyun kuni 81-maktabda tadbir o‘tkazilgan. U esa Shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining iltimosiga binoan tadbirga kitob rastasi tashkil qilish uchun 18-19 yoshli uch nafar xodimasini yuborgan. Tadbir tugagach, maktab direktori kech tushib qolgani va yo‘l uzoqligi sababli o‘sha qizlarni korxonalarigacha olib borib qo‘yishni taklif qilgan.

Muallifning ta’kidlashicha, direktor yo‘lda qizlarga gap otgan va ularni ishxonasi oldida tushirgach, «kitoblarni qo‘yib chiqishsa, uylarigacha olib borib qo‘yishini» aytib, hol-joniga qo‘ymagan. Qizlarning qat’iy rad javobidan so‘nggina u ortiga qaytgan, biroq keyinroq unga lokatsiya tashlab bergan qizning raqamiga bezovta qiluvchi xabarlar yuborgan.

Tarmoqlarda e’lon qilingan yozishmalar skrinshotida maktab direktori tungi soat 23:03 da qizga quyidagi mazmundagi xabarlarni yuborganini ko‘rish mumkin:

«assalomu aleykum yaxshi yetib oldingizmi?menga yaxshi tasurot qoldirdingiz. yaqinroq tanishasak bo'ladimi? sizni prfilingizini ko'rib boshqacha bo'ldim o'zingizni juda yaxshi ko'ratsangizekin», — deya yozgan u «Telegram»dan.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari mazkur yozishmalar va undagi qo‘pol imlo va uslubiy xatolarga ("tasurot", "tanishasak", "prfilingizini", "ko'ratsangizekin") alohida e’tibor qaratgan. Jamoatchilik tomonidan butun boshli maktab direktori lavozimida o‘tirgan shaxsning shu darajada xatolar bilan yozishi keskin tanqid qilinib, uning savodxonlik darajasi va bu lavozimga qanchalik munosibligi so‘roq ostiga olingan.

Zebo Ismatullayevaning yozishicha, shu holatdan so‘ng u Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbari Rustam Yo‘ldoshevga murojaat qilib, ekran tasvirlarni taqdim etgan va direktorga chora ko‘rishni so‘ragan. Taqdim etilgan yozishmalarda R. Yo‘ldoshev holat bo‘yicha «Chora ko‘raman, odob-axloq qoidalari bo‘yicha» hamda «Ertaga chaqirib gaplashib olaman, kerak bo‘lsa kechirim so‘raydi, ahmoq» deb javob qaytargan.

O‘quvchilarga nisbatan zo‘ravonlik

Ikkinchi holatda esa xuddi shu direktorning maktab o‘quvchilariga nisbatan kuch ishlatgani aks etgan materiallar tarqalgan. Ma’lum qilinishicha, maktab direktori o‘quvchilarni maktab hovlisida yig‘ib (saf tortib/lineyka qilib), orqa qatorda turgan o‘g‘il bolalarni urib, tepkilagan. Kuzatuv kamerasining videoyozuvidan olingan kadrlarda maktabning ichki hovlisida ko‘p sonli o‘quvchilar yig‘ilganini ko‘rish mumkin.

Rasmiy munosabat va jamoatchilik reaksiyasi

Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda 81-umumta’lim maktabi direktorining bolalarga qo‘l ko‘targani aks etgan lavhadagi voqea 2025 yil 21-noyabr kuni ertalab sodir etilgan. Holat bo‘yicha boshqarmaga murojaat kelib tushgach, maxsus ishchi guruhi tuzilib, voqea qonun doirasida o‘rganib chiqilgan hamda ushbu o‘rganish natijalariga ko‘ra, 2025 yil 5-dekabr kuni maktab direktoriga nisbatan «hayfsan» intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgani ma’lum qilindi.

Qolaversa, maktab direktorining qizlarga shilqimlik qilgani bilan bog‘liq holat yuzasidan ham boshqarma axborot xizmati qo‘shimcha ma’lumot berdi. Ta’kidlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mazkur murojaat Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan nazoratga olingan. Mazkur holat boshqarma huzuridagi Odob-axloq komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda o‘rganilishi va uning natijalari bo‘yicha batafsil ma’lumot berilishi aytilgan.

 

Теглар

Мавзуга оид