Sankt-Peterburgga safar mojarosi: Muzaffar Hamdamov ishdan olindi

18.02.2026 | 10:573 дақиқа

Rossiyadagi tadbirga iqtidorli o‘quvchilarni yuborish o‘rniga farzandi, jiyani va yaqinlarini yuborgan samarqandlik amaldor ishdan olindi.

Sankt-Peterburgga safar mojarosi: Muzaffar Hamdamov ishdan olindi

Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda «Vaqt.uz»ga Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligidagi manba ma’lum qildi.

Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan «Alvon yelkanlar» («Aliye parusa») bitiruvchilar kechasiga borish imkoniyati viloyat MMTB xodimlari farzandlari va qarindoshlari o‘rtasida taqsimlangani haqida xabarlar tarqalgandi.

Mazkur tadbirga viloyatdan iqtidorli o‘quvchilar yuborilishi kerak edi. Dastlabki o‘rganishlar natijasida uch nafar o‘quvchining o‘rniga mansabdorlar farzandlari va yaqinlari safarga jo‘natilgani tasdiqlandi. Holat yuzasidan olib borilgan tekshiruvlar ortidan ushbu o‘quvchilarning ota-onalari tomonidan jami 28 million so‘m mablag‘ davlat budjetiga qaytarilgan.

Buzilgan qonunlar

Vazirlik tizimida o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi davomida Muzaffar Hamdamov va boshqarma mas’ullari tomonidan «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi hamda «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonunlar talablari buzilgani ma’lum qilindi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 595-son qarori bilan tasdiqlangan davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloq qoidalariga zid xatti-harakatlar va qo‘pol kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani qayd etildi.

«Hamdamov Muzaffar Yazdonqulovich — Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i bilan tuzilgan mehnat shartnomasi taraflarning kelishuviga ko‘ra 2026 yil 9-fevral kunidan bekor qilinsin va egallab turgan davlat fuqarolik xizmati lavozimidan ozod etilsin», deyiladi Maktabgacha va maktab ta’lim vaziri E’zozxon Karimova imzolagan qarorda.

Bundan tashqari, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari A.B., buxgalteriya hisobi va davlat xaridlari bo‘limi yetakchi mutaxassisi O.M., pedagoglarning bilim va malakasini baholash bo‘limi bosh metodisti O.M., o‘quvchilar bilimini baholash va tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i G.S. hamda ushbu bo‘lim metodisti I.X.ga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash bo‘yicha vazirlikka taklif kiritildi.

Samarqandda nima bo‘ldi?

Sankt-Peterburg shahrida har yili o‘tadigan «Aliye parusa» nomli an’anaviy bitiruv kechasi tadbiri bor. O‘tgan yili o‘sha tadbirga samarqandlik 14 nafar eng iqtidorli o‘quvchi va ularga rahbarlik qiladigan bir nafar guruh yetakchisi taklif etilgan. Ammo shu iqtidorlarni saralab, o‘sha tadbirga yuborishi kerak bo‘lgan Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbari Muzaffar Hamdamov delegatsiya tarkibiga o‘z o‘g‘li va jiyanini ham qo‘shib yuborgan.

Birgina u emas, ajratilgan chiptalarning ayrimlari boshqarma xodimlarining farzandlariga ham berilgan. Ya’ni tanlov eng munosiblar — aytganimdek, viloyatning turli sohalardagi iqtidorli o‘quvchilari o‘rtasida emas, idora ichida hal qilingan. Jumladan, boshqarma davlat xaridlari bo‘limi xodimining o‘g‘li, inson resurslari bo‘limi bosh mutaxassisining o‘g‘li ham «tanlanganlar» qatorida bo‘lgan.

Hamdamov va boshqarma munosabati

Ishning «misi» chiqib, u tarmoqlarda shov-shuvlarga sabab bo‘lar ekan, ko‘plab fikr yetakchilari va ijtimoiy tarmoq faollari holatni ochiq nepotizm deb baholashdi.

Boshqarma matbuot xizmatining biroz o‘tib e’lon qilgan rasmiy munosabatida esa Rossiyaga yuborish uchun tanlab olingan ayrim o‘quvchilarning xorijga chiqish pasporti bo‘lmagani, ayrim ota-onalar esa farzandlarini Rossiyaga yuborishni istamaganini aytgan. Natijada yetarli nomzod to‘planmagani qayd etilgan.

Теглар

Мавзуга оид