Sergeli mashina bozori buzilyaptimi? Hokimlik izoh berdi

Бугун 19:442 дақиқа

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar turli taxminlarga sabab bo‘ldi.

Sergeli mashina bozori buzilyaptimi? Hokimlik izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Sergeli avtomobil bozori hududidagi qurilish ishlari aks etgan videolar tarqaldi. Tasvirlarda ehtiyot qismlar savdosi uchun xizmat qiladigan pavilonlar ustidagi soyabonlar demontaj qilinayotgani aks etgan. Ushbu voqea fonida bozor buzilayotgani aytilgan xabarlar ham tarqaldi.

Sergeli tumani hokimligi mazkur bozor buzilishi haqidagi xabarlarni rad etdi. Unga ko‘ra, hududda rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Rasmiy bayonotda bozor odatiy tartibda faoliyat yuritayotgani va uning yopilishi rejalashtirilmagani ta’kidlangan.

Hudud yangilanmoqda

Hokimlikka ko‘ra, bu ishlardan asosiy maqsad savdo infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xavfsizlikni oshirish va tadbirkorlar hamda mijozlar uchun qulay sharoit yaratishdan iborat.

Loyiha doirasida bozor ma’muriy binosining kirish qismi yangilanmoqda. Shuningdek, hududdagi 26,5 ming kvadrat metr maydonga yangi asfalt qoplamasi yotqizilgan. Yana 16,2 ming kvadrat metr hududni asfaltlash rejalashtirilgan.

«Ehtiyot qismlar sotiladigan savdo do‘konlarining tom qismlarini yangilash ishlari olib borilmoqda. Do‘konlar tepasidagi tartibsiz joylashtirilgan reklama konstruksiyalari demontaj qilinmoqda, vitrinalar almashtirilmoqda», - deyiladi hokimlik xabarida.

Yangi tizim joriy etiladi

Qayd etilishicha, obodonlashtirish ishlari doirasida bozor hududiga avtomobillar kirishini avtomatlashtirish ham ko‘zda tutilgan. Buning uchun inson omilisiz ishlaydigan to‘lov tizimi uskunalari o‘rnatilmoqda.

Toshkent shahar hokimligi olib borilayotgan ishlar bozorni buzish bilan bog‘liq emasligini aytdi.

Теглар

Мавзуга оид