Shahar o‘z muammosini hal qilolmasa, unda hokim yo kengashning nima keragi bor? – Faollar peshlavhalar masalasi haqida

Jamaotchilik faollari poytaxtdagi peshlavhalar muammosi davlat rahbarigacha olib chiqilganini tanqid qilib, uning qimmatli vaqtini bunday mikromuammolar bilan olish noto‘g‘ri ekanligiga e’tibor qaratdi. Hokimlarni saylash tizimiga o‘tish vaqti kelgani ham ta’kidlandi.

Shahar o‘z muammosini hal qilolmasa, unda hokim yo kengashning nima keragi bor? – Faollar peshlavhalar masalasi haqida

2026 yil boshidan tadbirkorlarning keskin e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgan peshlavhalar muammosiga nihoyat nuqta qo‘yildi. Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda ma’qullangan taklifga ko‘ra, endilikda korxona nomi va faoliyat turini bildiruvchi belgilar reklama hisoblanmaydi va ular uchun maxsus pasport talab qilinmaydi.

Biznes-ombudsmanning ma’lum qilishicha, 2025 yilda peshlavhalar va transport vositalari uchun reklama joyining pasportini olmagan 384 nafar yuridik shaxsga «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga asosan jami 8,2 mlrd so‘m jarima qo‘llanilgan.

Muammo o‘z yechimini topdi, biroq uning ortidan jamoatchilik haqli savolni o‘rtaga tashladi: Nega shahar darajasidagi «mikromuammo»ni hal etishga davlat rahbarining qimmatli vaqti sarflanishi kerak?

VAQT.UZ jurnalist, iqtisodchi va jamoatchilik faollarining fikrlarini jamladi.

«Eng qimmat vaqt — davlat rahbariniki»

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev Toshkent shahridagi peshlavhalar va reklama bannerlari bilan bog‘liq «reydlar» hamda ushbu muammoning prezident darajasiga olib chiqilganiga munosabat bildirdi.

Jurnalistning fikricha, davlat rahbari — bu strategik masalalarni hal qiladigan shaxs bo‘lib, uning vaqti butun xalqning farovonligiga xizmat qiladigan global vazifalarga yo‘naltirilishi lozim.

«Har qanaqa mamlakatda ham eng qimmat vaqt — davlat rahbariniki, menimcha. Uning bu qimmatli vaqtini qaysidir — u hatto poytaxt bo‘lsa ham — bir shahardagi peshlavha muammosi bilan o‘g‘irlamaslik kerak. Agar o‘sha shahar ma’muriyati shu peshlavha muammosi sabab odamlarni qirmayotgan bo‘lsa, masalan».

A’zamxo‘jayevga ko‘ra, agar shahar hokimi va mahalliy kengash tadbirkorlar bilan muloqot qila olmasa, uch oydan beri davom etayotgan «dod-voy»larni eshitmasa, unda bunday boshqaruv organlarining keragi bormi?

Uning yozishicha, bu kabi «mikromuammolar»ning prezident darajasiga chiqishi tizimning nosozligidan dalolat beradi:

«Toshkentdagi peshlavhalar bilan bog‘liq masalani prezidentgacha olib chiqishganini ko‘rib, ochig‘i, men uyaldim. Prezident darajasidagi masala emas-ku bu axir? Shahar o‘z darajasidagi muammoni o‘zi, o‘z hokimi, o‘z kengashi bilan muloqot orqali hal qila olmasa, unda hokimning, kengashning nima keragi bor? Agar shahar bilan muloqotga kirishmasa, shaharning dardiga hokim qolib mamlakat prezidenti quloq tutsa, unda hokimu kengashini bo‘shatib, shahar boshqaruvini to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezidentga o‘tkazib qo‘ya qolaylik?», – deb yozmoqda jurnalist.

Shuningdek, jurnalist sud tizimi va parlament vakillarining passivligini ham tanqid qildi. Agar haqiqiy mustaqil sudlar va faol deputatlar bo‘lganida, oylardan beri davom etayotgan tadbirkorlarning huquqlari allaqachon shahar darajasida himoyalangan bo‘lishini ta’kidladi.

«Bu jafokash shaharning mamlakat parlamentida ham ikki qavat vakillari bor, faqat ularning borligi sezilmaydi. Xuddi shu shahardagi sudlar kabi. Eh, haqiqiy sudlar bo‘lsami edi, peshlavhadek mikromasala bilan prezidentning ham qimmatli vaqtini olishmasdi», — deya yozdi A’zamxo‘jayev.

Shuningdek, u eng og‘riqli nuqta sifatida tadbirkorlarning ko‘rgan moddiy zarariga e’tibor qaratdi. Prezidentning aralashuvi bilan «yorug‘ kunlar» boshlangan bo‘lsa-da, o‘tgan vaqt ichida «yulib olingan» mulklar uchun kim kompensatsiya masalasini o‘rtaga tashladi.

«Bugundan boshlab, peshlavhalarni kecha o‘rmondan chiqqan yovvoyilarga o‘xshab yulib olishlar ham to‘xtasa kerak. Lekin shu vaqtgacha yulib olinganlari-chi, ular nima bo‘ladi? Bu xatti-harakatlar oqibatida tadbirkorlarga yetkazilgan zarar-chi, ularni kim, qachon, qanday qoplab beradi? Yo ular “bugundan boshlangan yorug‘ kunlar” uchun berilgan majburiy qurbonlar sifatida baholanib, xotirasiga 15 soniyalik sukut bilan hurmat bajo keltiriladi, xolosmi?», – deya savol bilan yuzlanadi.


«Muammoga qo‘lbola bo‘lsa ham yechim berishdi»

Jamoatchilik faoli Bektosh Xotamov Toshkentdagi peshlavhalar bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan fikr bildirib, tadbirkorlarga yetkazilgan zarar masalasiga e’tibor qaratdi.

«Shuncha buzdirilgan peshlavhalar, zararlarni kim to‘laydi? Shu haqda ham aytib o‘tishsa yaxshi bo‘lar edi», — dedi u.

Xotamovning fikricha, masalaning faqat bitta mansabdor aralashuvi bilan hal bo‘lishi tizimdagi muammolarni ham ko‘rsatadi.

«Aslida hammasi bitta odamning gapi bilan bo‘lishi tizimdagi oqsoqliklardan darak beradi, lekin nima bo‘lganda ham muammoga qo‘lbola bo‘lsa ham yechim berishdi deb o‘ylayman. Lekin zararni kompensatsiya qilish masalasi ham hal bo‘lishi kerak», — dedi Bektosh Xotamov.


Zararni kim qoplab beradi?

Avvalroq Qurilish boshqarmasi boshlig‘i Yodgorbek Ikromov Toshkent shahrida yagona dizayn-kod joriy etilishi doirasida noqonuniy o‘rnatilgan peshlavha va reklamalar uchun kompensatsiya to‘lanmasligini ma’lum qilgan edi.

«Agar tadbirkorlar tarafdan noqonuniy qilib, kelishmasdan peshlavhalari yoki reklamalar yozilgan bo‘lsa, bu narsa uchun kompensatsiya to‘lanmaydi. Oldindan ruxsat olib qilingan narsalar bo‘lsa, bunga to‘lab beriladi», – deb ta’kidladi Yodgorbek Ikromov.

Shuningdek, 3-aprel kuni Toshkent shahar hokimligida poytaxtning yagona dizayn-kodini joriy etish taqdimoti bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida VAQT.UZ muxbiriga Toshkent shahar hokimligi matbuot kotibi Gulnoza Qosimova tadbirkorlar kompensatsiya uchun tuman hokimliklariga murojaat qilishi mumkinligini aytgandi.

«Ya’ni biz xatoliklarni inkor qilmaymiz. Agar shu jarayonda jabr ko‘rgan tadbirkorlar bo‘lsa, tuman hokimligiga kompensatsiya uchun murojaat qilishlari mumkin», – degan edi u.


«Qo‘lbola yechimlar tizim ishlamayotgani haqidagi ishonchni kuchaytiradi»

Ta’lim eksperti Komil Jalilov ayrim muammolarning «qo‘l rejimi»da hal qilinayotgani uzoq muddatda davlatchilik va boshqaruv tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladi.

Uning fikricha, muammolarning bitta shaxs aralashuvi bilan hal bo‘lishi ichki va tashqi auditoriyada «tizim emas, faqat bir odam ishlayapti» degan qarashni kuchaytiradi.

«Ichki va tashqi auditoriyada qonunlar, tizim ishlamas ekan, hamma narsa faqat bitta odamga bog‘liq ekan, degan ishonch tobora ortib boradi. Bunday ishonch bilan tashqaridan investor jalb qilish imkonsiz», — dedi u.

Jalilovga ko‘ra, vaqtinchalik yechimlardan keyingi eyforiya tugagach, muammolar uchun javobgarlik masalasi yana kun tartibiga chiqadi.

«“Podshoh yaxshi — atrofidagilar yomon” narrativi borib-borib ish bermay qo‘yadi. G‘alaba bitta shaxsniki bo‘lgan tizimda, istaysizmi-yo‘qmi, mag‘lubiyat va muammolar ham bir shaxs bilan bog‘lanadi», — deya yozdi ekspert.

Uning ta’kidlashicha, eng maqbul yechim — «qo‘l rejimi»dagi boshqaruvdan tizimli va qonun ustuvor ishlaydigan modelga o‘tishdir.

«Eng yaxshi yechim — selektorlar va taqdimotlar asosidagi boshqaruvdan tizimli, qonunlar ishlaydigan, har bir bo‘g‘in o‘z ishini bilib qiladigan va oqibatlari uchun javob beradigan tizimga o‘tish», — dedi Komil Jalilov.

«Hokimiyatning ishini kim qiladi?»

Shaharsoz Iskandar Soliyev esa mahalliy hokimiyat mas’uliyati masalasini ko‘tardi. Soliyevning fikricha, shoshma-shosharlik bilan qabul qilingan qarorlar va harakatlar uchun javobgarlik masalasi ham ko‘tarilishi kerak.

«Bitta peshlavhaniyam prezidentga olib chiqishaversa, hokimiyatning ishini kim qiladi? Yoki ularni mana shu shoshilib qilgan ishlari evaziga jazoyam berishadimi?! Masalan, o‘rniga boshqa hokim saylashmi hech bo‘lmasa», — deb X tarmog‘ida yozdi u.


«Hokimlar saylanishi kerak»

Iqtisodchi Otabek Bakirov bunday holatlar takrorlanmasligi uchun yirik shahar hokimlari saylanadigan tizimga o‘tish kerakligini ta’kidladi.

«Shuning uchun va hadeb shunaqa xatolar yuz bermasligi uchun ham hech qursa, yirik shaharlar hokimlari saylanishi kerak», — dedi u.

Bakirovning fikricha, muammolarni hal qilish uchun doim «eng tepaga» murojaat qilinayotgani boshqa institutlarning sust ishlayotganini ko‘rsatadi.

«Qatorlashib borayotgan muammolarni yechish uchun oxirgi chora o‘laroq eng tepaga olib chiqishga to‘g‘ri kelayotgani — hokimlik, kengash va vazirliklar kabi institutlarning falaj holatga kelganidan dalolat», — deya yozdi Otabek Bakirov.

U, shuningdek, biznesga yetkazilgan har qanday zarar oxir-oqibat iste’molchilarga ta’sir qilishini ham qayd etdi.


«Rahbarlar qaror qabul qilishdan qo‘rqadi»

Jamoatchilik faoli Laziz Hamidov ham peshlavhalar masalasining prezident darajasigacha olib chiqilganini tanqid qildi.

«To‘g‘risi, peshlavhalar masalasini prezident darajasiga olib chiqishgani hayron qoldirdi. Hokimiyat darajasida ikki tomonni qoniqtiradigan yechim topish mumkin edi», — dedi u.

Hamidovning ta’kidlashicha, ko‘plab rahbarlarda mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmasi yetishmaydi.

«O‘zi bizda soha rahbarlarida qaror qabul qilish ko‘nikmasi yo‘q, qo‘rqadi hammasi. Bunaqa vaziyatlarda battar tepaning reaksiyasini kutadigan bo‘lib qolishadi», — deya fikr bildirdi Laziz Hamidov.

Shunday qilib, peshlavhalar bilan bog‘liq mojaro faqat reklama va dizayn-kod masalasi bo‘lib qolmadi. U mahalliy boshqaruv samaradorligi, davlat idoralarining mas’uliyati, tadbirkorlar bilan muloqot sifati hamda tizimning qanchalik mustaqil ishlayotgani haqidagi bahslarni ham yuzaga chiqardi. Jamoatchilik vakillari va ekspertlar fikricha, muammoning prezident darajasigacha olib chiqilgani qisqa muddatda yechim bergan bo‘lishi mumkin, biroq bu holat bir vaqtning o‘zida mahalliy institutlarning zaifligi, «qo‘l boshqaruvi»ga haddan tashqari tayanish va qarorlar uchun javobgarlik masalalarini yana kun tartibiga olib chiqdi.

Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 121

Барчаси

Мавзуга оид