Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Qozog‘istonga boradi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-may kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etadi.

Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Qozog‘istonga boradi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-may kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahriga amaliy tashrif bilan boradi. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatiga ko‘ra, tashrif Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning taklifiga binoan amalga oshirilmoqda. Sammit davomida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilinadi.

Yig‘ilish kun tartibidan tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, savdo-iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash hamda amaliy sheriklikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash kabi masalalar o‘rin olgan.

Sammitda transport-logistika, sanoat kooperatsiyasi, raqamli iqtisodiyot va mintaqaviy integratsiyani rivojlantirishga oid tashabbuslar ham ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Tadbir YOII mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning yangi bosqichlarini muhokama qilish maydoni sifatida ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston 2020 yildan buyon Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat maqomiga ega. Mamlakat tashkilot bilan savdo, investitsiya va sanoat sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Ostonadagi muzokaralar ham o‘zaro iqtisodiy aloqalarni yanada faollashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид