Shavkat Mirziyoyev Eron prezidentiga hamdardlik bildirdi

O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonga yo‘llagan maktubida mamlakatning oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xomanaiyning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev Eron prezidentiga hamdardlik bildirdi © Фото: t.me/Press_Secretary_Uz

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiyning vafoti munosabati bilan Eron Islom Respublikasi prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonga yo‘llagan maktubida hamdardlik bildirdi. Bu haqda Eronning Toshkentdagi elchixonasi ma’lum qildi.

Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xomanaiy 28-fevral kuni Isroil va AQSH hujumlari oqibatida halok bo‘ldi. Xomanaiyning o‘limi munosabati bilan mamlakatda 40 kunlik milliy motam va bir haftalik ta’til e’lon qilindi. Xomanaiydan tashqari Isroil va AQSH hujumlari oqibatida uning qizi, kuyovi, nabirasi va kelini ham halok bo‘lgan. Eron davlat televideniyesi oliy rahbar Oyatulloh Xomanaiyning maslahatchisi admiral Ali Shamxoniy va quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni general-mayor Muhammad Pakpur ham halok bo‘lganini tasdiqladi.

Eron qonunchiligiga ko‘ra, yangi rahbar saylangunga qadar mamlakatni 3 kishilik vaqtincha kengash boshqaradi. Bu kengash tarkibiga prezident Mas’ud Pezeshkiyon, sud hokimiyati rahbari G‘ulomhusayn Muhsini Ejayi hamda Konstitutsiyani muhofaza qilish kengashi a’zosi oyatulloh Ali Rizo Arafi kirdi.

Xomanaiyning o‘limi ortidan Eron qarshi hujumga o‘tib, Isroil va AQSHning Yaqin Sharqdagi harbiy bazalariga zarba bera boshladi. Buning ortidan vaziyat yanada jiddiylashdi.

O‘zbekiston pozitsiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskin ravishda taranglashuvi va keng mintaqada yangi ziddiyatli holat yuzaga kelganidan jiddiy xavotirdaligini bildirdi.

«Barcha tomonlarni vazminlikka da’vat etib, nafaqat harbiy-siyosiy, balki gumanitar jihatdan oldindan ko‘rib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavfli keskinlashuvga sabab bo‘ladigan keyingi qadamlardan tiyilishga chaqiramiz», – deyiladi TIV bayonotida.

Rasmiy Toshkent vujudga kelgan inqirozni xalqaro huquq normalari asosida, siyosiy-diplomatik vositalar orqali va o‘zaro maqbul muloqot yo‘li bilan hal etish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidlagan. O‘zbekiston Respublikasi mintaqaviy barqarorlik hamda xavfsizlikni mustahkamlashning izchil tarafdori ekani va vaziyatning eng tez fursatlarda normallashuvidan umidvor bo‘lib qolishi bildirilgan.

Umra safarlari vaqtincha to‘xtatildi

Yaqin Sharq mintaqasida yuzaga kelgan vaziyatning keskinlashuvi hamda havo makonidan foydalanish bo‘yicha joriy etilgan vaqtinchalik cheklovlar sababli qator aviaqatnovlar bekor qilinmoqda. Shu munosabat bilan Tashqi ishlar vazirligi tomonidan fuqarolarga ushbu hududdagi davlatlarga safar uyushtirmaslik, ayni paytda o‘sha yerlarda bo‘lib turgan vatandoshlarga esa ehtiyotkorlik choralarini kuchaytirish yuzasidan zarur tavsiyalar berilmoqda.

Mazkur vaziyatni inobatga olgan holda, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda turoperatorlar tomonidan tashkil etilayotgan umra safarlari vaqtincha kechiktiriladi. Xususan, 2-mart kuni idora tomonidan rejalashtirilgan Toshkent-Jidda yo‘nalishidagi navbatdagi Umra ziyoratchilari reysi ham ma’lum muddatga qoldirildi.

2026 yil 2-martdan boshlab «Uzbekistan Airways» tomonidan Jidda – Toshkent yo‘nalishida repatriatsiya reyslari yo‘lga qo‘yiladi. Ular orqali umra dasturi asosida Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketgan O‘zbekiston fuqarolari bosqichma-bosqich vatanga qaytariladi.

Isroildagi O‘zbekiston elchixonasi mintaqa xavfsizlik muhiti yomonlashayotgani munosabati bilan fuqarolarga mamlakatni vaqtincha tark etishni tavsiya qildi.

Теглар

Мавзуга оид

Shavkat Mirziyoyev Eron prezidentiga hamdardlik bildirdi | Vaqt.uz