Logo

Shavkat Mirziyoyev Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibini qabul qildi

Uchrashuvda bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish, bojxona organlarining salohiyatini mustahkamlash va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibini qabul qildi © Foto: prezident.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-sentabr kuni Toshkentda yettinchi Global kinologiya forumida ishtirok etish doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Yan Sondersni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish, bojxona organlarining salohiyatini mustahkamlash va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tashkilot ko‘magida O‘zbekiston savdoni yengillashtirish sohasidagi qator xalqaro konvensiyalarga qo‘shilgani, zamonaviy bojxona nazorati mexanizmlari joriy etilib, Bojxona xizmati faoliyatini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilgani va qabul qilingani qayd etildi.

O‘zbekistonda bojxona sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida bugungi kunda eksport yuklarining 94 foizi va import yuklarining 87 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilmoqda. Deklaratsiyalarni rasmiylashtirish vaqti 20 daqiqagacha qisqartirildi.

Bojxona organlarining tadbirkorlik subyektlari bilan samarali hamkorligini ta’minlaydigan raqamli yechimlar faol joriy etilmoqda, ma’muriy to‘siqlar qisqartirilib, korrupsiyaviy xavflar kamaytirilmoqda.

Uchrashuvda bojxona tartib-taomillarini yanada raqamlashtirish va uyg‘unlashtirish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish hamda kadrlarni o‘qitish va ularning malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yakunda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi «yo‘l xaritasi»ni birgalikda ishlab chiqish va qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Теглар

Мавзуга оид