Shavkat Mirziyoyev muftiy Nuriddin Xoliqnazar bilan telefonda gaplashdi

Prezident Makkadagi o‘zbekistonlik hojilarni Qurbon hayiti bilan tabrikladi va ularning duolarini so‘radi.

Shavkat Mirziyoyev muftiy Nuriddin Xoliqnazar bilan telefonda gaplashdi © Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat muborak Qurbon hayiti arafasida, o‘zbekistonlik ziyoratchilar Haj amallarini ado etayotgan kunlarda bo‘lib o‘tdi.

Muloqot chog‘ida davlatimiz rahbari muftiy hazratlari orqali Makka shahrida bo‘lib turgan barcha o‘zbekistonlik ziyoratchilarni Qurbon hayiti bilan tabriklab, ularning elu yurt tinchligi va yoshlar baxti yo‘lidagi duolari qabul bo‘lishini tiladi.

Suhbatda keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda har yili 15 ming nafardan ziyod vatandoshimiz Haj safariga borayotgani, bu yil esa ilk bor mehnat faxriylari, mahalla faollari va kam ta’minlangan oilalar vakillaridan iborat 100 nafar yurtdoshimiz davlat hisobidan Hajga yuborilgani alohida qayd etildi.

Muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar Makka va Madina shaharlarida o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilganini ta’kidladi.

Shuningdek, suhbatdoshlar diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, jumladan, Imom Buxoriy majmuasi, Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Burhoniddin Marg‘inoniy majmuasi ulug‘ ajdodlar merosini targ‘ib etishga xizmat qilayotganini e’tirof etdilar.

Bundan tashqari, kuni kecha qabul qilingan Prezident qaroriga muvofiq, Qurbon hayiti munosabati bilan xayru saxovat tadbirlari amalga oshirilishi bildirildi.

Jumladan, ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash, 10 mingdan ortiq bolalarga murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish va 2 mingga yaqin og‘ir kasallikka chalingan bemorlarni davolash uchun qo‘shimcha mablag‘lar, shuningdek, masjid va qabristonlarni obod qilishga alohida resurslar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Suhbat yakunida Prezidentimiz barcha hojilarimizga salom yo‘llab, ularning savobli amallari qabul bo‘lishini, yurtga sog‘-omon qaytishlarini tiladi.

Теглар

Мавзуга оид

Shavkat Mirziyoyev muftiy Nuriddin Xoliqnazar bilan telefonda gaplashdi | Vaqt.uz