Sherzodxon Qudratxo‘ja bir lavozimidan ozod qilindi

05.03.2026 | 17:372 дақиқа

U 2022-yildan beri ishlab kelayotgan O‘zbekiston Milliy media birlashmasi boshqaruvi raisi lavozimidan ozod etildi. Deputat Odiljon Tojiyev uning o‘rnini egalladi.

Sherzodxon Qudratxo‘ja bir lavozimidan ozod qilindi

Sherzodxon Qudratxo‘ja O‘zbekiston Milliy media birlashmasi boshqaruvi raisi lavozimidan ozod etildi. U mazkur lavozimni 2022-yilda egallagan edi.

Sherzodxon Qudratxo‘ja 1974-yilda tug‘ilgan. U siyosiy fanlar nomzodi, dotsent. 2008-yildan O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti «Internet-jurnalistika, matbaa nazariyasi va amaliyoti» kafedrasini boshqargan, Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida dars bergan. 2017-yil aprel oyida Xalqaro press-klub raisi bo‘lgan (hozirda esa Jamoatchilik Kengashi raisi o‘rinbosari, Xalqaro press-klubning kreativ rahbari). Sherzodxon Qudratxo‘ja 2018-yil may oyidan Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori lavozimlarida ham ishlab kelmoqda. 2019-yilda u O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi a’zosi etib saylangan. U 2017 yildan beri Xalqaro kurash assotsiatsiyasi vitse-prezidenti sifatida ham ishlab kelmoqda.

Sherzodxon Qudratxo‘ja rahbarligida bo‘lgan mazkur tashkilot esa 2006-yil 30-iyun kuni O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (O‘zEOAVMA) nomi bilan nodavlat ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan. 2022-yil may oyida assotsiatsiya qayta nomlanib, O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi deb qayta tashkil etildi.

Yangi rahbar

Odiljon Fotihjon o‘g‘li Tojiyev O‘zbekiston milliy media birlashmasi boshqaruvi raisi etib saylandi.

Odiljon Tojiyev 1984 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2006 yili Toshkent islom universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi — huquqshunos. U 2017 yil 5-iyuldan 2018 yil avgustgacha Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan. 2018 yilda Tojiyev Toshkent viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. 2020-yildan hozirgacha u Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida faoliyat olib boryapti. Parlamentda u Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, axborot faoliyatini muvofiqlashtirish va OAV bilan hamkorlik qilish uchun mas’ul bo‘lgan, hozirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining a’zosi hisoblanadi.

Теглар

Мавзуга оид