Logo

Si Jinping Kim Chen In bilan uchrashdi

Бугун 20:552 дақиқа

Xitoy raisi rafiqasi bilan Shimoliy Koreyaga bordi.

Si Jinping Kim Chen In bilan uchrashdi

Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Bosh kotibi, XXR Raisi Si Jinping bugun, 8-iyun kuni davlat tashrifi bilan Koreya Xalq Demokratik Respublikasi poytaxti Pxenyanga yetib bordi. Bu haqda «Sinxua» agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Pxenyan aeroportida Si Jinping va uning rafiqasi Pen Liyuanni Koreya Mehnat partiyasi Bosh kotibi, KXDR Davlat ishlari raisi Kim Chen In hamda uning rafiqasi Li Sol Chju kutib olgan. XXR yetakchisi trapdan tushganida, Kim Chen In uning qo‘lini iliq siqib ko‘rishgan.

Pxenyandagi tantanali kutib olish marosimi
Kim Ir Sen nomidagi maydonda Kim Chen In tomonidan Si Jinpingni tantanali kutib olish marosimi o‘tkazilgani ma’lum qilindi. Ikki partiya va davlatning oliy rahbarlari birgalikda minbarga ko‘tarilgan. Marosim davomida 21 ta to‘pdan o‘q uzilib, harbiy orkestr tomonidan XXR va KXDR madhiyalari ijro etildi.

Shundan so‘ng, Kim Chen In hamrohligida Si Jinping Koreya xalq armiyasining uchta qo‘shin turidan iborat faxriy qorovul safini ko‘zdan kechirdi va ikki yetakchi tantanali marshni tomosha qildi.

Bayramona kiyingan jamoatchilik vakillari, shuningdek, qo‘llarida bayroq, gul va sharlar ko‘targan bolalar xitoylik mehmonlarni qarsaklar hamda shodlik hayqiriqlari bilan qarshi olishgan. Aeroportdan Kim Ir Sen nomidagi maydongacha, shuningdek, maydondan «Kimsusan» davlat mehmonlar uyiga qadar bo‘lgan yo‘lning ikki chetida KXDR aholisi Si Jinpingning kelishini qutlash uchun saf tortib turdi.

Davlat tashrifi arafasida, dushanba kuni «Nodon sinmun» gazetasida Si Jinpingning mualliflik maqolasi chop etilgan. Maqolada XXR raisi ikki davlat o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlikni muhokama qilish, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarni umumiy rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashish uchun Kim Chen In bilan bo‘lajak uchrashuvni intiqlik bilan kutayotganini ta’kidlagan.

Теглар

Мавзуга оид

Si Jinping Kim Chen In bilan uchrashdi | Vaqt.uz