Logo

«Sizlar jahon shaxmat olamida yangi tarix yaratgan oltin avlodsiz». Mirziyoyev shaxmatchilarni tabrikladi

Кеча 21:362 дақиқа

Shavkat Mirziyoyev Samarqandda ikkinchi bor Olimpiada chempionligini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston shaxmatchilariga tabrik yo‘lladi.

«Sizlar jahon shaxmat olamida yangi tarix yaratgan oltin avlodsiz». Mirziyoyev shaxmatchilarni tabrikladi © O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston terma jamoasini 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida g‘olib bo‘lgani bilan tabrikladi. Davlat rahbari erishilgan yutuq tarixiy g‘alabaligi, ikki karra olimpiada chempioni bo‘lish ulkan zafar ekanini qayd etdi.

Musobaqada 200 dan ziyod mamlakatdan ikki mingga yaqin eng kuchli va mashhur grossmeysterlar, nomdor jamoalar ishtirok etgan.

«Murosasiz bellashuvlarda ko‘rsatgan aql-zakovatingiz, yuksak irodangiz, mahorat va jasoratingiz uchun butun el-yurtimiz, dunyo shaxmat jamoatchiligi sizlarga tasannolar aytmoqda. Sizlar – Yangi O‘zbekiston qahramonlari, jahon shaxmat olamida yangi tarix yaratgan oltin avlodsiz. Butun xalqimiz sizlar bilan cheksiz faxrlanadi, g‘ururlanadi», deyiladi prezident qutlov xatida.

Shavkat Mirziyoyev tabrigida o‘zbek farzandlari olimpiada chempioni – Hindiston jamoasini mag‘lub etganiga to‘xtalgan. Yigitlar qadimiy shaxmat maktabi va ko‘plab grossmeysterlarga ega bo‘lgan Xitoy jamoasi ustidan tarixiy g‘alabani qo‘lga kiritganini alohida e’tirof etgan.

«Dunyo reytingida birinchi o‘rinni egallab kelayotgan, olti karra Olimpiada chempioni bo‘lgan AQSH jamoasidan ham ustun keldingiz», deya qayd etgan davlat rahbari.

Qutlov matnida terma jamoa safida bo‘lgan shaxmatchilar Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov, Shamsiddin Vohidov va Jahongir Vohidov birma-bir eslangan. Ular ko‘rsatgan jasorat e’tirof etilgan.

«Bir so‘z bilan aytganda, terma jamoamiz a’zolarining har biri o‘ziga ishonib, faqat oldinga qarab borganini ko‘rib, Yangi O‘zbekistonda qanday buyuk shaxmat maktabi, shaxmatchilar avlodi shakllanganiga butun dunyo tan berdi. Musobaqalarda ikkinchi tarkib bilan ishtirok etgan jamoamiz qayd etgan natija ham bizni quvontiradi», deyiladi tabrikda.

Prezident ayollar jamoasi ham keskin kurashlarda haqiqiy matonat namunasini ko‘rsatganini qayd etgan. Ular AQSH jamoasi bilan tengma-teng bahs olib borganlari, 11 ta turda 7 ta yutuqqa erishib, o‘n uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani ham muhim natija ekanini bildirgan.

«O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi FIDE tomonidan 2026 yilda «Eng yaxshi federatsiya» nominatsiyasida g‘olib deb topilgani, tajribali murabbiy, grossmeyster Rustam Qosimjonov FIDEning faxriy vitse-prezidenti, Hulkar Tohirjonova FIDEning Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha mintaqaviy prezidenti etib saylanganini O‘zbekistonning shaxmat mamlakati sifatida obro‘-e’tibori oshib borayotganining yana bir dalili sifatida qabul qilamiz», deyiladi qutlovda.

O‘z navbatida joriy yilning noyabr oyida yana bir katta shaxmat bayrami kutib turgani ta’kidlangan. Jahon toji uchun bo‘ladigan tarixiy bellashuvda shaxmatchi Javohir Sindorovga ulkan zafarlar tilangan.

Теглар

Мавзуга оид