Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov bank tizimiga qaytdi

Бугун 18:462 дақиқа

Voitovning Vaqt.uz muxbiri bilan suhbatda ma’lum qilishicha, u olti oydan buyon «Hayot Bank» AJda maslahatchi sifatida ishlab kelmoqda.

Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov bank tizimiga qaytdi © Foto: hayotbank

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sobiq vaziri Aziz Voitov bank tizimiga qaytdi. U ayni paytda «Hayot Bank» aksiyadorlik jamiyatida maslahatchi lavozimida faoliyat yuritmoqda. Bu haqda sobiq vazirning o‘zi «Vaqt.uz» nashri muxbiri bilan suhbatda ma’lum qildi.

Voitovning tasdiqlashicha, uning mazkur moliya muassasasidagi faoliyat boshlaganiga olti oy bo‘lgan.

Voitov karerasi

Aziz Voitov 1980 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti: oliy, Toshkent moliya instituti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki turli lavozimlarda ishlagan (2000-2017 yy), 2017-2020 yillarda «O‘zsanoatqurilishbank» ATB Boshqaruvi Raisi vazifasini bajaruvchi lavozimlarida ishlagan.

2020–2022 yillarda — Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari (o‘sha paytdagi vazir Sardor Umurzoqovning o‘rinbosari sifatida); 2022 yil avgustdan 2023 yil oktabrga qadar esa O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Jinoyat ishi va sud hukmi

U 2023 yilning oktabrida lavozimidan ozod etilgan va o‘sha yilning dekabr oyida unga nisbatan iqtisodiy jinoyatlar hamda mansab vakolatini suiiste’mol qilish ayblovi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olingani ma’lum qilingan edi.

2025 yil 15-avgustda jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi hukmi bilan u talon-toroj qilish va boshqa moddalar bo‘yicha aybli deb topilgan. Sud jarayonida moddiy zarar to‘liq qoplangani bois unga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo — 3 yil muddatga rahbarlik lavozimlarini egallash huquqidan mahrum qilish, jarima va 3 yil axloq tuzatish ishlari tayinlangan.

Теглар

Мавзуга оид