«Starlink» O‘zbekistonda «Beeline» tarmog‘iga integratsiya qilinishi mumkin
VEON Group 2026 yilda sun’iy yo‘ldosh internetini Pokiston, Bangladesh yoki O‘zbekistondan birida ishga tushirishni ko‘rib chiqmoqda.

Ispaniyaning Barselona shahrida 2-mart kuni o‘tkazilgan tadbirda VEON Group bosh direktori Kaan Terzio‘g‘li kompaniyaning sun’iy yo‘ldosh interneti bo‘yicha rejalarini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya 2025 yilda SpaceX bilan hamkorlik shartnomasini imzolagan.
Kelishuvga muvofiq, Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti mobil operator tarmog‘iga integratsiya qilinadi va zarurat tug‘ilganda aloqa infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu yechim, avvalo, chekka hududlar yoki infratuzilmasi shikastlangan joylarda internet aloqasini barqaror ta’minlashga qaratilgan.
Kompaniya rahbarining ta’kidlashicha, ushbu texnologiya operator tarmog‘i qamrovi yetarli bo‘lmagan hududlarda internetga ulanish imkoniyatini kengaytiradi. Shu tariqa, sun’iy yo‘ldosh interneti mobil aloqa infratuzilmasi uchun qo‘shimcha qoplama sifatida ishlaydi.
Terzio‘g‘li ma’lum qilishicha, VEON Starlink xizmatini ilk bor Qozog‘istondagi Beeline tarmog‘iga integratsiya qilishni rejalashtirgan. Kompaniya bu xizmatni 2026 yil mart oyi oxiriga qadar to‘liq ishga tushirishni maqsad qilgan.
Shuningdek, VEON 2026 yil davomida Pokiston, Bangladesh yoki O‘zbekistondan kamida bittasida Starlink xizmatini joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu orqali kompaniya sun’iy yo‘ldosh internetidan foydalanuvchilar sonini keskin oshirishni rejalashtirmoqda.
Kompaniya rahbariga ko‘ra, 2026 yil yakuniga qadar Ukrainada Starlink orqali internetdan foydalanuvchilar soni 5 mln nafardan 12 mln nafargacha yetishi mumkin. Bu ko‘rsatkich VEON kompaniyasining Ukrainadagi operatori Kyivstar abonentlarining qariyb yarmiga teng bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Qozog‘iston va Tojikistonda Starlink xizmati allaqachon ishga tushirilgan. Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida, jumladan O‘zbekistonda ham, sun’iy yo‘ldosh interneti 2026 yil yakuniga qadar joriy etilishi mumkin.





