Sudya yordamchisi pora bilan qo‘lga tushdi

Бугун 14:511 дақиқа

Surxondaryo viloyati sudining sudya katta yordamchisi jinoyat ishi bo‘yicha yengil jazo tayinlatish va qamoq ehtiyot chorasini bekor qildirishni va’da qilib, 53 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Sudya yordamchisi pora bilan qo‘lga tushdi © Ekran surati, DXX

Surxondaryo viloyatida sud tizimi xodimi bilan bog‘liq yirik korrupsiya holati fosh etildi. Ma’lum qilinishicha, viloyat sudining sudya katta yordamchisi o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, jinoyat ishlari bo‘yicha Angor tuman sudi ish yurituvida bo‘lgan ishga aralashishga uringan.

Tergov ma’lumotlari

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u 2 nafar sudlanuvchiga nisbatan aniqlangan 6,3 mlrd so‘mlik zarar miqdorini qayta baholash orqali kamaytirishni va’da qilgan. Shuningdek, sudlanuvchilarga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlatish hamda dastlabki tergovda qo‘llangan «qamoq» ehtiyot chorasini bekor qildirishini aytgan.

Bu xizmatlari evaziga u sudlanuvchilarning qarindoshidan 53 ming AQSH dollari talab qilgan. Pul mablag‘ini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura organlari xodimlari tomonidan ushlangan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayblanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi hamda 28,211-moddasi 1-qismi bilan ayb e’lon qilingan.

Hozirda ushbu ish bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda. Rasmiy idoralar holatga huquqiy baho berish jarayoni olib borilayotganini ma’lum qildi.

Avvalroq Andijonda ikki fuqaroni Janubiy Koreyaga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da bergan hakamlik sudi sudyasi nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Теглар

Мавзуга оид

Sudya yordamchisi pora bilan qo‘lga tushdi | Vaqt.uz