Logo

Surxondaryoga ko‘chirilayotgan issiqxonalar, 75,4 yoshga yetgan o‘rtacha umr ko‘rsatkichi va rekord darajada qimmatlashgan AI-92 — 3-iyul dayjesti

Кеча 23:003 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Surxondaryoga ko‘chirilayotgan issiqxonalar, 75,4 yoshga yetgan o‘rtacha umr ko‘rsatkichi va rekord darajada qimmatlashgan AI-92 — 3-iyul dayjesti

O‘zbekiston Gruziyada elchixona ochadi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi doirasida o‘tkazilgan muzokaralar yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Gruziyada elchixonasini ochish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shuningdek, tomonlar 2026 yilda O‘zbekistonda qo‘shma ta’lim va turizm forumlarini o‘tkazish hamda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishga kelishib oldi.

Muzokaralarda madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, 2026 yil mart oyida Toshkentda Gruziya madaniyati kunlarini o‘tkazish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Tbilisidagi bog‘lardan biriga Alisher Navoiy nomi berilgani uchun Gruziya rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.

Iqtisodiyotda ishchi kuchiga bo‘lgan talab oshmoqda — Markaziy bank

Markaziy bank tahliliga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida mehnat bozorida faollik yuqori saqlanib, mart oyida bo‘sh ish o‘rinlari soni o‘tgan yilga nisbatan 9,8 foizga oshib 15,4 mingtaga yetgan. Ishchi kuchiga eng yuqori talab xizmatlar, chakana savdo, umumiy ovqatlanish, ishlab chiqarish va qurilish sohalarida kuzatilgan.

Shu bilan birga, «HeadHunter Uzbekistan» ma’lumotiga ko‘ra, faol rezyumelar soni 31,5 foizga oshib 636 mingtaga yetgan. Markaziy bank buni mehnat bozorida raqobat kuchaygani bilan izohladi. Tahlilga ko‘ra, bandlik o‘sishida asosiy hissa xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelgan, 2025 yil yakunida ishsizlik darajasi esa 4,8 foizni tashkil etgan.

Birjada benzin narxi rekord darajaga chiqdi

Respublika tovar-xomashyo birjasida 1-iyul kungi savdolarda AI-92 benzini tonnasi 13,96 mln so‘mga yetib, tarixiy rekordni yangiladi. Shuningdek, AI-92 K-2 benzini 15,5 mln so‘mdan, AI-92 K-2 L benzini esa 13,86 mln so‘mdan sotildi. Birja ma’lumotiga ko‘ra, 1-iyundan beri AI-92 narxi 12 foizdan ortiqqa oshgan.

Narxlarning o‘sishi Rossiyada neftni qayta ishlash zavodlariga qilingan hujumlar ortidan yuzaga kelgan benzin tanqisligi bilan izohlanmoqda. O‘zbekistonda ham iyun oyida benzin taklifi qisqargan bo‘lsa-da, keyinchalik tiklandi, ammo narxlar o‘sishda davom etmoqda. Ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentda import AI-92 benzinining litri 13 ming so‘m va undan yuqori narxda sotilmoqda.

Toshkent viloyatida issiqxonalarni demontaj qilish boshlandi

Ekologiya qo‘mitasi ma’lum qilishicha, Toshkent viloyatining Qibray, Toshkent, Zangiota va Yuqori Chirchiq tumanlarida havoni ifloslantirgan ayrim issiqxonalarni demontaj qilish va sun’iy isitish tizimlaridan uzish ishlari boshlandi. Ular bosqichma-bosqich Surxondaryo viloyatidagi «Surxon-Agro» erkin iqtisodiy zonasiga ko‘chiriladi. Qaror havoni ifloslantiruvchi ko‘mir, mazut va boshqa zararli yoqilg‘ilardan foydalanish holatlari ortidan qabul qilingan.

Hukumat qaroriga ko‘ra, ko‘chiriladigan issiqxona xo‘jaliklari uchun kreditlarni qaytarish muddati uzaytiriladi, davlat kafolatlari saqlab qolinadi va demontaj, tashish hamda qayta o‘rnatish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi. Rasmiylarga ko‘ra, Surxondaryoning iqlimi iliqroq bo‘lgani uchun u yerda isitish xarajatlari ancha kam, mahsulot tannarxi esa Toshkent viloyatiga nisbatan taxminan 2,5 barobar arzon.

O‘zbekistonda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,4 yoshga yetdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,4 yoshga yetgan. Vazirlik 2026 yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni 75,5 yoshga, 2030 yilgacha esa 78 yoshga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu maqsadga tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va erta o‘lim holatlarini kamaytirish orqali erishish ko‘zda tutilgan.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, 2025 yilda 5,6 mln bola yuqumli kasalliklarga qarshi emlangan, 15–49 yoshdagi 9,2 mln ayol tibbiy ko‘rikdan o‘tgan. Shuningdek, UNICEF ko‘magida 231 ta tug‘uruqxona uchun zamonaviy tibbiy uskunalar xarid qilingan. Senatorlar esa surunkali kasalliklarni erta aniqlash va bemorlarni bepul dori vositalari bilan ta’minlashni kengaytirishni tavsiya qildi.

Теглар

Мавзуга оид