Suv va alkogolsiz ichimliklar markirovkasi yana kechiktirildi

Бугун 12:251 дақиқа

O‘zbekistonda suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalashning ikkinchi bosqichi bir yilga 2027 yil 1-aprelga ko‘chirildi.

Suv va alkogolsiz ichimliklar markirovkasi yana kechiktirildi © CRPT TURON

Vazirlar Mahkamasining 19-maydagi qaroriga ko‘ra, gazlangan va gazlanmagan ichimliklarni raqamli markirovkalash mexanizmini bosqichma-bosqich joriy etish uchun texnik tayyorgarlikni to‘liq ta’minlash maqsad qilingan. Shu munosabat bilan tayyor mahsulotlarni agregatsiyalash tizimi 2026 yil 1-aprel emas, balki 2027 yil 1-apreldan ishga tushiriladi.

Qarorga muvofiq, Soliq qo‘mitasiga «Asl Belgisi» milliy raqamli markirovkalash tizimi operatori — «CRPT Turon» bilan hamkorlikda keng tushuntirish ishlarini olib borish vazifasi yuklatildi.

Bu ishlar suv va salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchilari, shuningdek ulgurji va chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar o‘rtasida amalga oshiriladi. Xususan, ommaviy axborot vositalari orqali raqamli markirovkalash mexanizmlarini amalda qo‘llash bo‘yicha tushuntirishlar berilishi belgilangan.

Shuningdek, Soliq qo‘mitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarga ikki oy ichida o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirish topshirildi. Qaror ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov zimmasiga yuklatildi.

Suv va salqin ichimliklar uchun majburiy agregatsiya tizimi avval ham ikki marta kechiktirilgan. Dastlab, alyumin idishlardagi mahsulotlar uchun tizim 2024 yil 1-maydan, boshqa turdagi idishlar uchun esa 1-noyabrdan joriy etilishi rejalashtirilgan edi. Keyinchalik 2025-yil may oyida tizimni joriy etish muddati 2026-yil aprelga ko‘chirilgan.

Теглар

Мавзуга оид