Logo

Ta’limga SIni joriy etish: nima uchun o‘qituvchilardan boshlash kerak?

Sun’iy intellektdan foydalanish narxi ikki yil ichida 20 dollardan 0,07 dollargacha arzonladi. Ammo uni ta’limga joriy qilish masalasi qimmatligicha qolyapti. Masalan, Estoniya o‘rta maktablarda AI’dan foydalanish uchun yiliga taxminan 4 mln yevro sarflaydi.

Ta’limga SIni joriy etish: nima uchun o‘qituvchilardan boshlash kerak? © Prezident matbuot xizmati

Sun’iy intellekt (SI) dan foydalanish narxi oxirgi yillarda ancha pasaydi. Jahon banki hisobotiga ko‘ra, 1 mln tokenni (AI qayta ishlaydigan matn birliklarini) qayta ishlash narxi 2022-yilning noyabridagi 20 dollardan 2024-yilning oktabrida 0,07 dollargacha tushgan. Bu taxminan 280 baravar arzonlashish degani.

Biroq narxning pasayishi umumiy xarajat ham kamayishini anglatmaydi. Xizmat arzonlashgani sari undan foydalanish hajmi oshadi. Masalan, bir o‘qituvchi AI’dan avvalgidan ko‘proq foydalana boshlasa yoki tizimga minglab yangi foydalanuvchilar qo‘shilsa, har bir so‘rov arzon bo‘lsa ham, umumiy xarajat ortadi. Iqtisodiyotda bu holat «Jevons paradoksi» deb ataladi, ya’ni resursdan foydalanish narxi tushsa, uning iste’moli oshadi.

Xarajat faqat obunadan iborat emas

Sun’iy intellekt ishlatishda xarajat foydalanish hajmiga qarab o‘zgaradi, ya’ni qancha ko‘p so‘rov yuborilsa va qancha ko‘p ma’lumot qayta ishlansa, xarajat ham shuncha oshadi.

Xarajatlarga internet, elektr ta’minoti, qurilmalar, serverlar yoki bulutli hisoblash xizmatlari, mahalliy til va o‘quv dasturiga mos kontent hamda foydalanuvchilarning raqamli ko‘nikmalari kiradi.

Muammo shundaki, past daromadli mamlakatlarda aynan shu asosiy infratuzilma yetishmaydi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, bunday mamlakatlarda maktablarning atigi 38 foizi elektr energiyaga, 27 foizi komputerlarga, 23 foizi esa internetga ega.

Bundan xulosa qilish mumkinki, SI vositasining arzonlayotgani uni ta’limga joriy etishda xarajatlar past bo‘lishini anglatmaydi.

Katta guruhlarda yanada katta xarajatlar

Davlatlar SI tizimlarini keng ko‘lamda, deylik 5 million o‘quvchi uchun joriy qilmoqchi bo‘lsa, zarur infratuzilma, ma’lumotlarni saqlash va kiberxavfsizlikni ta’minlash xarajatlarini qoplashi zarur.

Masalan, AQSHdagi Kaliforniya universiteti o‘z kampuslarida SI’ni joriy etish uchun 16,9 mln dollar sarflagan. Bu orqali 460 ming talaba hamda 63 ming o‘qituvchi va xodimlar ChatGPT Edu tizimidan bepul foydalanadi.

Estoniyada esa boshlang‘ich va o‘rta maktablarda SI’dan foydalanish uchun yiliga taxminan 4 mln yevro sarflanadi. Bunda 58 mingdan ortiq o‘quvchi va 5 ming o‘qituvchi «AI Leap» dasturidan bepul foydalanishi mumkin.

Bundan tashqari, texnologiyani sotib olish undan foydalanishni kafolatlamaydi. Masalan, Peruda o‘qituvchilarga bepul SI litsenziyalari berilgan, foydalanish bo‘yicha trening o‘tkazilgan va muntazam rag‘batlar ham ko‘rsatilgan. Shunga qaramay, o‘qituvchilarning atigi 15 foizi SIdan haftasiga bir marta foydalangan.

O‘qituvchilarni muntazam tayyorlash zaruriyati

SIdan foydalanish kengaygani sari o‘qituvchilarni tayyorlash ham asosiy xarajatlardan biriga aylanadi. Ya’ni SI qanchalik tez rivojlanib borayotgan bo‘lsa, o‘qituvchilar ham unga doimiy moslashib borishi kerak.

Google–Ipsos so‘rovida keltirilishicha, hozirgi kunda o‘qituvchilarning 81 foizi SIdan kasbiy faoliyatida foydalanishini bildirgan, TALIS ma’lumotlarida esa bu ko‘rsatkich taxminan uchdan bir qismni tashkil etadi.

Shu sababli Jahon banki sun’iy intellektni joriy etishda eng birinchi o‘qituvchilardan boshlash nisbatan tejamkor variant ekanini qayd etgan. Bunda o‘qituvchilar soni o‘quvchilarnikidan kam bo‘lgani uchun komputer qurilmalari, internet va boshqa xarajatlar ham pastroq bo‘ladi.

Jahon bankining SIni joriy etishdagi tavsiyasi

Xarajatni kamaytirishning yana bir yo‘li — vazifaga mos kichik til modellaridan foydalanish. Katta SI modellarini yaratish juda qimmat. Hisobotda GPT-4’ni o‘qitish qiymati taxminan 100 mln dollar deb baholangan. Ta’lim tizimlari uchun bunday modelni noldan yaratishdan ko‘ra o‘z mahsulotini ishlab chiqarish samaraliroq.

Ya’ni kichik til modellari biroz kuchsizroq bo‘lsa ham, aniq vazifalarga moslashtiriladi va ularni qurilmaning o‘zida yoki mahalliy serverlarda ishlatish mumkin. Bu internetga doimiy ulanish ehtiyojini, bulutli xizmat xarajatlarini va tashqi texnologiya kompaniyalariga bog‘liqlikni kamaytira oladi.

Xarajatlarni birdaniga oshirib yubormaslik uchun Jahon banki SIni uch bosqichda joriy etishni taklif qiladi:

  • birinchi bosqich: o‘qituvchilar ishini yengillashtirishga e’tibor qaratiladi. Masalan, SI dars rejasini tayyorlash, ma’muriy ishlarni kamaytirish yoki o‘quv materiallarini ishlab chiqishda qo‘llanadi;

  • ikkinchi bosqich: texnologiya barcha o‘quvchilarga birdan berilmaydi. Muayyan fan, sinf yoki hududdagi ehtiyojga qarab maqsadli guruhlar tanlanadi;

  • uchinchi bosqich: SI o‘quv dasturlari, baholash, o‘quvchilar xizmatlari va ta’lim boshqaruv tizimlariga kengroq integratsiya qilinadi. Bu eng katta imkoniyatlarni bersa-da, biroq eng ko‘p infratuzilma, ma’lumotlar, boshqaruv va moliyaviy resurslarni ham talab qiladi.


Xulosa qilib aytganda, Jahon banki yondashuvi SIni ta’limga shunchaki kiritishda emas. Muhimi, uni qaysi bosqichda, qancha foydalanuvchi bilan va qanday xarajatlar evaziga joriy etishni oldindan rejalashtirish. Mavjud qurilmalardan foydalanish, mobil tarmoqlarga tayanish, oflayn ishlash imkoniyati va mahalliy tilga mos yechimlarni tanlash xarajatlarni kamaytirishga yordam beradi.

Теглар

Мавзуга оид

Ta’limga SIni joriy etish: nima uchun o‘qituvchilardan boshlash kerak? | Vaqt.uz