Termometrni sindirish bilan isitma tushmaydi yoxud Bakirov ishi nega tugatilishi kerak?

Energetika vaziri va iqtisodchi o‘rtasidagi sud jarayoni nafaqat so‘z va fikr erkinligi, balki, adolatning ham katta imtihonidir. Xo‘sh, nega bu ish huquqiy jihatdan allaqachon tugatilishi kerak edi?

Ertaga, 7-may kuni Yashnobod tuman sudida iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan sud boshlanadi. Bu sud yakuni bilan nafaqat Bakirov, balki O‘zbekiston Konstitutsiyasi kafolatlagan fikr erkinligi ustidan ham hukm o‘qiladi. Fikrimcha, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning shikoyati asosida boshlangan bu “sudbozlik” – tizimning o‘z xatolarini tan olish o‘rniga, o‘sha xatoni ko‘rsatgan barmoqlarni sindirishga bo‘lgan urinishidir.

Yaqin daqiqalar ichida siz bilan vazir va iqtisodchi o‘rtasidagi sud jarayonlari atrofidagi voqealar haqida gaplashamiz.

Kim-kim, Mirzamahmudov emas...

Eslab ko‘ring, 2024 yilning qahraton qishi... Odamlar o‘sha yili sovuqdan dirillab, metan shoxobchalarida kunlab navbat kutganda, vazirlik mana shu yil ham eshitganimiz kabi ming xil va’dalar berish bilan band edi. O‘shanda Otabek Bakirov nima qildi? U vazirlikning ishlamayotgan ma’lumot beruvchi ilovasi, energetika sohasidagi “qora tuynuklar” va tizimli korrupsiya belgilarini ochiq yozib chiqdi.

U bu orqali odamlar ichidagi gapni, millionlab insonlarning dardini vazirning yuziga aytdi.

Bugun esa vazir o‘sha muammolarni hal qilish, tizimni isloh qilish o‘rniga, haqiqatni yozgan odamni huquqni muhofaza qilish organlari va sudga sudramoqda. Aslida esa vazirlik iqtisodchining tahlillariga raqamlar va argumentlar bilan javob berishi kerak edi. Iqtisodiy bahs ochiq muloqotda yechilishi lozim edi. Ammo raqamlar bilan kurasha olmagan vazirlikning ma’muriy bosimga o‘tishi, fikrimcha, ojizlikdan o‘zga narsa emas.

Go‘yo Bakirov jazolansa, eskirgan transformatorlar ishi yaxshilanadi, Bakirov jim qilinsa, gaz bosimi o‘z-o‘zidan ko‘tariladi yoki ishlamayotgan ilova ishlab ketadi. Qo‘ysangiz-chi, janob Mirzamahmudov, kim-kim, odamlar sizning sohangizdagi vaziyatni juda yaxshi biladi-ku!

Ish tugatilishi kerak!

Ertangi sud jarayoni, fikrimcha, huquqiy jihatdan ham mutlaqo mantiqsiz. Sababi, vazir Mirzamahmudovni “xafa qilgan” postlar 2023 yil oxiri va 2024 yil boshlarida yozilgan.

O‘zbekiston Respublikasi MJTKning 36-moddasiga ko‘ra: “Ma’muriy jazo chorasi ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab, davom etayotgan huquqbuzarliklar uchun esa, u aniqlangan kundan boshlab bir yildan kechiktirmay qo‘llanilishi mumkin.”

Biz gaplashayotgan postlar yozilganidan keyin oradan bir yarim yil o‘tdi! Qonun tili bilan aytganda, bu ish allaqachon arxivga topshirilishi, da’vo muddati o‘tgani uchun tugatilishi shart edi. Agar sud bu moddani chetlab o‘tib, blogerga qandaydir jazo tayinlasa, demak, bizda qonun ustuvorligi emas, lavozim ustuvorligi g‘alaba qozongan bo‘ladi.

Isitmaga qarshi kurash o‘rniga termometrni sindirish...

Energetika vazirligi hozir termometrni sindirish bilan isitmani tushirmoqchi bo‘layotgan shifokorga o‘xshaydi. Bakirov — tizimdagi haqiqiy ahvolni ko‘rsatib turgan termometr edi xolos. Lekin bu bilan energetikadagi "kasalliklar" tuzalmasligi barchaga ayon haqiqat-ku.

Shuningdek, eshitgandirsiz, yaqinda O‘zbekistonda energota’riflar narxi yana 10 foizga oshishi kutilyapti. Ammo odamlarda narxga yarasha sifat ko‘rmaslik borasida hali javobi topilmagan savollar, e’tirozlar juda ko‘p. Shunday paytda Energetika vazirligi bor kuchini tizimni yaxshilashga emas, bitta blogerni ta’qib qilishga sarflayotgani — davlat resurslarini vaqtinchalik “araz” uchun suiiste’mol qilishdan o‘zga narsa emas.

Janob Mirzamahmudov tushunishi kerak:

· Bakirovni jazolash bilan soha muammolari hal bo‘lib qolmaydi;

· Blogerni sud qilish bilan energetikadagi islohotlar amalga oshib qolmaydi;

· Odamlarni qo‘rqitish bilan shoxobchalardagi navbatlar yo‘qolmaydi.

Bu usul bilan faqat bir narsaga erishiladi: xalqning davlatga va islohotlarga bo‘lgan ishonchi pasayadi.

Suddan nimani kutamiz?

Bugun Yashnobod sudi katta imtihon qarshisida turibdi. Ya’ni, bu faqat Otabek Bakirovning emas, balki O‘zbekiston sudining mustaqilligi imtihoni hamdir. Shu ma’noda aytgan bo‘lardimki:

1. Eng avvalo, ish MJTKning 36-moddasi asosida, da’vo muddati o‘tgani sababli zudlik bilan to‘xtatilishi kerak.

2. Sudlar amaldorlarning arazlar maydoniga aylanmasin. Ularning shaxsiy ambitsiyalari sud qarorlariga ta’sir qilmasligi kerak.

O‘zbek amaldorlari tushunishi kerak: tanqid — jinoyat emas, u tizimni davolovchi achchiq dori xolos.

Xulosa

Haqiqatni aytish ayb sanalgan jamiyat hech qachon rivojlanmaydi, o‘rtoqlar. Vazir janoblari soha muammolarini ko‘tarayotgan Bakirov va unga o‘xshagan blogerlar bilan emas, energetika muammolari bilan kurashishi kerak. Har holda xalq va jamiyat undan sudlardagi faollikni emas, sohadagi islohotlarni amalga oshirishdagi faollikni ko‘proq kutadi.

Shuningdek, sud tizimi bilishi kerak: agar ertaga vazirning da’vosi qanoatlantirilsa, bu boshqa amaldorlar uchun ham “yashil chiroq” bo‘ladi. Bu esa tizimni isloh qilishga emas, uni tanqiddan to‘liq izolyatsiya qilish, ya’ni “ko‘r va kar” boshqaruvga qaytish demakdir.

Aytgancha, O‘zbekiston bu yil so‘z erkinligi reytingida 180 davlat orasida 147-o‘rinni egalladi. Xaritada mamlakat rangi qip-qizil bo‘lib yotibdi. Nimaning hisobiga deysiz?

 

Ilyos Safarov

Теглар

Илёс Сафаров

Илёс СафаровМақолалар сони: 74

Барчаси

Мавзуга оид

Termometrni sindirish bilan isitma tushmaydi yoxud Bakirov ishi nega tugatilishi kerak? | Vaqt.uz