To‘qayev Qozog‘iston Milliy banki raisi o‘rinbosarini ishdan oldi
Berik Cho‘lpanqulov o‘z arizasiga ko‘ra lavozimini tark etdi. Bu qaror 7 trln tangalik transchegaraviy operatsiyalar muhokamasidan keyin qabul qilindi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Milliy bank raisi o‘rinbosari Berik Cho‘lponqulovni lavozimidan ozod qildi. «Oqo‘rda» matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, qaror uning shaxsiy arizasi asosida qabul qilingan. Cho‘lponqulov 2021 yil aprelidan buyon mazkur lavozimda ishlab kelayotgan edi.
U iqtisodchi-buxgalter mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan, shuningdek Milliy mudofaa universitetida «harbiy va davlat boshqaruvi» yo‘nalishida magistraturani tamomlagan. Faoliyati davomida Moliya vazirligi tizimida turli lavozimlarda ishlagan, 2008–2014 yillarda moliya vaziri o‘rinbosari, 2014–2016 yillarda mudofaa vazirining iqtisod va moliya bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan. 2019 yilda Moliya vazirligida birinchi o‘rinbosar etib tayinlangan.
7 trln tanga muhokamasi
28-yanvar kuni Moliyaviy monitoring agentligidagi yig‘ilishda To‘qayev Qozog‘istonning muayyan banki orqali qo‘shni davlatdan uchinchi davlatlarga 7 trln tangadan ortiq mablag‘ o‘tkazilganini aytgan edi. Prezident bu tranzaksiyalar sanksiyalar sharoitida amalga oshirilganini ta’kidlagan.
Ishdan bo‘shatilishidan bir kun oldin Cho‘lponqulov «BES.media»ga bergan izohida Milliy bank va Moliyaviy bozorni tartibga solish hamda rivojlantirish agentligi olib borayotgan tekshiruv hali yakunlanmaganini bildirgan. Uning aytishicha, hozircha qonunbuzilish alomatlari aniqlanmagan. Shuningdek, u tilga olingan 7 trln tanga mablag‘ chiqarib yuborilgan summa emas, balki operatsiyalarning umumiy aylanmasi bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Siyosiy fon va savollar
Jurnalistlar prezident matbuot kotibi Oybek Smadiyarovga «tekshirilmagan ma’lumot keltirilgan bo‘lishi mumkinmi?» degan savol bilan murojaat qilgan. U «QazTAG»ga bergan izohida davlat rahbari tasdiqlanmagan ma’lumotni e’lon qilmasligini va 7 trln tangalik tranzaksiyalar fakti mavjudligini bildirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mablag‘ manbai, qabul qiluvchi davlat va operatsiya o‘tkazilgan bank nomi siyosiy va diplomatik sabablarga ko‘ra ochiqlanmagan.
«Fergana.ru» nashriga anonimlik sharti bilan izoh bergan Milliy bank manbasi ushbu summa mamlakat bank tizimi aktivlarining qariyb 10 foiziga tengligini, bunday hajmdagi operatsiyalar komplayens talablarini hisobga olganda amalda deyarli imkonsiz ekanini aytgan.





