To‘qayev vitse-prezident vakolatlari va Qurultoy faoliyati tartibini tasdiqladi
Qozog‘istonda davlat boshqaruvi tizimida yirik o‘zgarishlar boshlanmoqda. Yangi qonunlarga ko‘ra, vitse-prezident instituti tashkil etiladi, Qurultoy esa qonun chiqaruvchi oliy vakillik organiga aylanadi.
© Oq o‘rdaQozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 2026-yil 15-mart kuni qabul qilingan yangi Konstitutsiya qoidalarini amalga oshiruvchi ikkita konstitutsiyaviy qonunni imzoladi. Mamlakatda vitse-prezident lavozimi va yangi oliy vakillik organi – Qurultoy tashkil etiladi, deb xabar bermoqda «Orda.kz».
Vitse-prezident
Birinchi qonun vitse-prezident institutini ta’sis etadi. Davlat rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, u davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarda prezident manfaatlarini ifoda etadi va prezident belgilaydigan vazifalarni bajaradi.
Qurultoy
Ikkinchi qonun Qurultoy faoliyatini tartibga soladi. U parlament o‘rnini egallab, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiruvchi oliy vakillik organiga aylanadi. Qurultoy partiya ro‘yxatlari bo‘yicha besh yil muddatga saylanadigan 145 nafar deputatdan iborat bo‘ladi. Organga davlat tilini erkin biladigan deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadigan rais rahbarlik qiladi.
Qurultoy keng vakolatlarga ega bo‘ladi. U vitse-prezident, bosh vazir, Konstitutsiyaviy sud sudyalari, Markaziy saylov komissiyasi va Oliy auditorlik palatasi a’zolarini tayinlashga rozilik beradi. Shuningdek, Qurultoy Oliy sud sudyalarini saylaydi va lavozimidan ozod qiladi, prezident saylovlarini tayinlaydi hamda hukumatning budjet ijrosi bo‘yicha hisobotlarini tasdiqlaydi.
Avvalroq To‘qayev yangi Konstitutsiyani qabul qilish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Referendumda qatnashganlarning 87,15 foizi islohotlarni qo‘llab-quvvatladi. Saylovchilar faolligi 73,12 foizni tashkil etdi. Yangi Konstitutsiya 2026-yil 1-iyuldan kuchga kiradi, shu kundan boshlab 1995-yilgi Konstitutsiya o‘z kuchini yo‘qotadi.





