Logo

Toshkent aeroportida 24/7 ishlaydigan tarmoqli do‘kon ochish rejalashtirilmoqda

Бугун 19:252 дақиқа

Uzbekistan Airports Toshkent xalqaro aeroportida savdo nuqtasi, vending avtomatlari, valuta ayirboshlash funksiyasiga ega bankomat va aviakompaniya vakolatxonasi uchun bir nechta lotni auksionga qo‘ydi.

Toshkent aeroportida 24/7 ishlaydigan tarmoqli do‘kon ochish rejalashtirilmoqda

Uzbekistan Airports Toshkent xalqaro aeroportida bir nechta tijorat obyektlari uchun joylarni auksionga chiqardi. Bu haqda davlat kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Xalqaro kelish terminalida oziq-ovqat va kundalik ehtiyoj tovarlari sotiladigan tarmoq do‘koni ochish uchun 139 kvadrat metr maydon ajratilmoqda. Joy ikki yil muddatga ijaraga beriladi.

Do‘kon ochish uchun

Auksionda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan va chakana savdo sohasida kamida 5 yillik tajribaga ega savdo tarmoqlari ishtirok etishi mumkin. Do‘kon sutka davomida ishlashi, naqd va naqdsiz to‘lovlarni, jumladan Visa va MasterCard kartalarini qabul qilishi kerak.

Lotning boshlang‘ich ijara narxi yiliga 433,68 mln so‘mni tashkil etadi. Auksion 2-oktabr kuni o‘tkaziladi.

Vending avtomatlar uchun

Shuningdek, aeroportning Ruxsatnomalar byurosida vending avtomatlarini joylashtirish uchun 2 kvadrat metr maydon auksionga chiqarilgan. Ijarachi uch turdagi uskuna — ichimliklar, qahva va yengil tamaddilar uchun avtomat o‘rnatishi kerak.

Avtomatlar 24/7 rejimida ishlashi va naqd pul bilan birga Uzcard, Humo, MasterCard hamda VISA kartalari orqali to‘lovlarni qabul qilishi lozim. Lotning boshlang‘ich ijara narxi 36 mln so‘m etib belgilangan.

Bankomatlar uchun

Bundan tashqari, Ruxsatnomalar byurosi binosida valuta ayirboshlash funksiyasiga ega bankomat o‘rnatish uchun ham lot e’lon qilingan. Bankomat sutka davomida ishlashi, QR-kod va NFC orqali kontaktsiz kartalar bilan operatsiyalarni amalga oshirish imkonini berishi kerak.

Mazkur lotda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan va kamida ikki yildan beri ishlayotgan litsenziyaga ega banklar ishtirok etishi mumkin. Boshlang‘ich narx 12 mln so‘m etib belgilangan. Ushbu auksion ham 2-oktabr kuni o‘tkaziladi.

Vakolatxona ochish uchun

Yana bir lot orqali xalqaro jo‘nab ketish terminalining uchinchi qavatidagi 25 kvadrat metr ofis maydoni aviakompaniya vakolatxonasini ochish uchun taklif etilmoqda.

Vakolatxona parvozlarni tashkil etish va ularga xizmat ko‘rsatish, shuningdek, yo‘lovchilarga ko‘maklashish uchun foydalanilishi kerak. Joy bir yilga beriladi va keyinchalik ijara muddatini uzaytirish imkoniyati mavjud.

Auksionda amaldagi litsenziyaga ega, qayta tashkil etish, tugatish yoki bankrotlik jarayonida bo‘lmagan hamda offshor hududlarda ro‘yxatdan o‘tmagan aviakompaniyalar ishtirok etishi mumkin.

Ushbu lot bo‘yicha auksion 9-oktabr kuni o‘tkaziladi. Boshlang‘ich narx 300 mln so‘mni tashkil qiladi.

Теглар

Мавзуга оид