Toshkent viloyatida bog‘chalardagi ommaviy zaharlanish ortidan 10 kishi qamoqqa olindi

27.02.2026 | 12:152 дақиқа

Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 11 nafar shaxsga ayblov e’lon qilingan. Ulardan 10 nafariga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi, yana bir nafariga uy qamog‘i tayinlangan.

Toshkent viloyatida bog‘chalardagi ommaviy zaharlanish ortidan 10 kishi qamoqqa olindi

2025 yil sentabr oyida Bekobod, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on, Piskent va Quyichirchiq tumanlarida maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining zaharlanishi bilan bog‘liq jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘ka tuman sudi ish yurituviga kelib tushdi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi xabar berdi.

Ish doirasida «Shark Milk Product» MCHJ rahbariyati va xodimlari, shuningdek, oziq-ovqat yetkazib berish bilan bog‘liq qator mas’ul shaxslar:

— R. O. (erkak, 1985 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, MCHJ direktori),

— S. S. (erkak, 1985 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, MCHJ ta’sischisi va sotuv bo‘limi menejeri),

— F. O. (erkak, 1990 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, MCHJ ta’sischisi va direktori o‘rinbosari),

— A. S. (erkak, 1987 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, MCHJ bosh texnologi),

— R. X. (erkak, 1982 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, MCHJ texnologi),

— M. N. (erkak, 1991 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, MCHJ texnologi yordamchisi),

— J. X. (erkak, 1993 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, «Governess Business» MCHJ direktori),

— F. D. (erkak, 1993 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, «Kinder Garden Group» MCHJ direktori),

— I. S. (erkak, 2000 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, «Innavation Outsourcing Servise» MCHJ direktori),

— B. R. (erkak, 1992 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, «Nishon invest» MCHJ direktori),

— D. Q. (ayol, 1997 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, «Shark Milk Product» MCHJ laboranti)lar ayblanmoqda.

Ayblov moddalari

Tergov organlari 11 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-moddasi 4-qismi «b» bandi hamda 257-1-moddasi 1-qismi bilan ayblov e’lon qilgan.

Ushbu moddalar xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni ishlab chiqarish va sanitariya qoidalarini buzish bilan bog‘liq jinoyatlarni qamrab oladi.

Ehtiyot choralari

Ayblanuvchilarning 10 nafariga nisbatan «qamoqqa olish», bir nafariga esa «uy qamog‘i» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda sud ishini ko‘rishni tayinlash masalasi o‘rganilmoqda. Sud muhokamasi boshlangach, ish ochiq tartibda ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil sentabr oyida Piskent, Bekobod, Oqqo‘rg‘on, Yuqori Chirchiq va Bo‘ka tumanlaridagi bir necha maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilarining zaharlanish holatlari aniqlangan.

Теглар

Мавзуга оид

Toshkent viloyatida bog‘chalardagi ommaviy zaharlanish ortidan 10 kishi qamoqqa olindi | Vaqt.uz