Toshkentda to‘rtta itni tayoq bilan urib o‘ldirgan veterinar qamaldi
Uning o‘g‘li va omborxona ishchisi esa jarima to‘laydigan bo‘ldi.
© Kollaj: Vaqt.uzToshkent shahrida itlarni tayoq bilan urib o‘ldirgan veterinar 7 sutkaga qamaldi. «Vaqt.uz» sud ishi bilan tanishdi.
Sud hujjatida yozilishicha, joriy yilning 19-iyun kuni poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi mebel sexi omborxonasida S.S, D.S, va R.A. birgalashib uzun yog‘ochlardan foydalangan holda to‘rtta itning bosh, bel va boshqa qismlariga bir necha marotaba urib o‘ldirgan. 20 yildan ortiq vaqt davomida veterinariya sohasida hayvonlarni davolovchi shifokor bo‘ilib ishlab kelayotgan S.S. sudda aybiga qisman iqrorlik bildirib, holat qanday kechganini aytib bergan.
Uning so‘zlariga, Ye. ismli tanishi unga o‘sha kuni qo‘ng‘iroq qilib, undan mebel sexi omborxonasida mavjud bo‘lgan vabo bilan kasallangan itlarni og‘riqsiz va azob bermasdan uxlatib berishini so‘ragan. Chaqiruvga asosan S.S. o‘g‘li D. bilan birga omborxonaga borganida ikki itning allaqachon o‘lib yotganini ko‘rgan. Keyin esa kasal itlar ularga tashlangan. Shundan so‘ng D.S. va omborxona ishchisi R.A. unga yordamlashgan.
Sudlanuvchilar itlarni urishdan maqsad ularni o‘ldirish emas, aksincha o‘zlarini himoya qilish bo‘lganini aytgan. Ular itlarni hushsiz holatga keltirib, so‘ng «Phenobarbital» nomli ukol orqali og‘riqsiz va azob bermasdan uxlatmoqchi bo‘lgan. Lekin ota-o‘g‘il va omborxona ishchisi o‘sha yerdagi sharoitda to‘r orqali yoki o‘zlarining temirdan yasalgan anjomi orqali ushlash imkoni bo‘lmagani sababli itlarni tayoq bilan urgan.
Joriy yilning 2-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining qarori bilan S.S. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi (hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga nisbatan 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi berildi. Unga yordamlashgan o‘g‘li D.S. va R. A. esa bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari, ya’ni 4 mln 120 ming so‘mdan jarimaga tortilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistondan giyohvandlik vositalarini olib kirib, O‘zbekistonda tarqatish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh a’zolariga sud hukmi o‘qilgandi.





