Logo

Toshkentdagi yirik elektr uzilishlari ortidan maxsus komissiya ish boshladi

Бугун 12:412 дақиқа

Avvalroq «Yuksak» podstansiyasidagi avariya tufayli Toshkent shahri va viloyatida 55 mingta iste’molchi elektrsiz qolgan edi.

Toshkentdagi yirik elektr uzilishlari ortidan maxsus komissiya ish boshladi © minenergy

Energetika vazirligi Toshkent shahrida so‘nggi vaqtlarda kuzatilgan avariyaviy elektr uzilishlari sabablarini o‘rganish uchun maxsus komissiya tuzilganini ma’lum qildi.

Komissiya elektr tarmoqlari holati, avariyalar kelib chiqishi va tizimdagi texnik muammolarni tahlil qiladi. Bu haqda vazirlikda o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi. Unda Prezident administratsiyasi, Bosh prokuratura, tegishli vazirlik va idoralar, ecnergetika tizimi tashkilotlari hamda mahalliy hokimliklar rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda joriy yoz mavsumida elektr energiyasiga talab o‘tgan yilga nisbatan yuqori bo‘lishi kutilayotgani qayd etildi. Shu sababli elektr tarmoqlari va podstansiyalarning barqaror ishlashini ta’minlash, avariyalarning oldini olish hamda tiklash brigadalarini doimiy tayyor holatda saqlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Tarmoqlar holati tekshiriladi

Maxsus komissiya Toshkentda sodir bo‘lgan avariyaviy uzilishlar sabablari, elektr uskunalarining texnik holati, rekonstruksiya ishlari sifati va avariyaga qarshi himoya tizimlari samaradorligini o‘rganadi.

Shu bilan birga, aholi murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish, call-markazlar ishini kuchaytirish hamda favqulodda holatlar haqida iste’molchilarni o‘z vaqtida xabardor qilish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda energiya tejamkorligi, elektr va gaz resurslaridan samarali foydalanish masalalari ham muhokama qilindi. Ayrim yirik korxonalarda energiya resurslaridan samarasiz foydalanish holatlari tanqid qilinib, eski uskunalarni yangilash va tejamkor texnologiyalarni joriy etish vazifalari belgilandi.

28-iyun kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan «Yuksak» podstansiyasida avariya sodir bo‘lgan edi. Oqibatda poytaxtning Yakkasaroy, Chilonzor, Mirobod va Uchtepa tumanlari hamda Toshkent viloyatining Zangiota tumanida elektr ta’minotida uzilish kuzatildi.

Ushbu holat 55 mingta iste’molchi va ayrim kichik ishlab chiqarish korxonalariga ta’sir ko‘rsatgan. Bu Toshkentdagi umumiy abonentlar sonining taxminan 6,2 foizini tashkil etadi.

Теглар

Мавзуга оид