Logo

Toshkentga yogurt idishida giyohvandlik moddasi olib kirishga uringan shaxs qo‘lga olindi

Бугун 22:092 дақиқа

Farg‘ona–Toshkent yo‘nalishidagi yo‘lovchidan yogurt idishiga yashirilgan modda, shuningdek, Toshkentdagi xonadondan gashish va elektron tarozi musodara qilindi.

Toshkentga yogurt idishida giyohvandlik moddasi olib kirishga uringan shaxs qo‘lga olindi © Videodan kadr

Farg‘onadan Toshkentga yo‘lovchi sifatida kelayotgan shaxs yonidan va poytaxtdagi xonadonlardan biridan giyohvandlik vositalari musodara qilindi. Ushbu holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ikkita alohida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.

«Bojxona qo‘mitasi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazdi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, oldindan olingan tezkor ma’lumot asosida gumon ostiga olingan fuqaro Farg‘ona–Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan avtomashinada yo‘lovchi sifatida poytaxt tomon kelayotgani aniqlangan. Tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur avtomashina poytaxt hududiga kirib kelganidan so‘ng to‘xtatilgan va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘zdan kechirish jarayonida fuqaroning yonidan ikki dona yogurt idishi ichiga polietilen paketga o‘ralgan holda yashirilgan, umumiy og‘irligi 267 gramm bo‘lgan giyohvandlik moddasi topilgan. Ushbu moddalar belgilangan tartibda ashyoviy dalil sifatida olingan.

Xonadondan topilgan gashish va maxsus moslamalar
Ikkinchi holatda Toshkent shahar bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda poytaxtdagi xonadonlarning birida giyohvandlik vositalari saqlanayotgani yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazgan.

«O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida gumon ostiga olingan fuqaroning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, 14 gramm gashish, 1 dona elektron tarozi hamda giyohvandlik vositalarini iste’mol qilish uchun mo‘ljallangan maxsus moslamalar aniqlanib, belgilangan tartibda ashyoviy dalil sifatida olindi», — deyiladi xayuarda.

Hozirda yuqoridagi har ikki holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Rasmiylarning qo‘shimcha qilishicha, tergov yakunlari bo‘yicha holatlarga qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy baho beriladi.

Теглар

Мавзуга оид