Tovarlarning 95 foizi yonib ketgan: «Wildberries» ko‘rgan zarar hisoblab chiqildi
Iyul oyidan buyon davom etayotgan Ukrainaning tinimsiz dron hujumlari «Wildberries» marketpleysi va unga bog‘liq sotuvchilarni og‘ir moliyaviy inqirozga duchor qildi.

Ukrainaning dron hujumlaridan so‘ng vayron bo‘lgan omborlar va infratuzilmani tiklash «Wildberries» marketpleysiga 147 milliarddan 223 milliard rublgachaga tushishi mumkin. Agar obektlarni to‘liq demontaj qilish, qurilish chiqindilarini olib chiqib ketish va hududni qayta tiklash talab etilsa, xarajatlar miqdori 169 milliarddan 278,9 milliard rublgacha oshishi mumkin.
Bu haqda «Data Insight» tadqiqot agentligining yetakchi tahlilchisi Sergey Semko «Forbes» nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Umumiy zarar 800 milliard rublga yetishi mumkin
Shuningdek, ekspert «Wildberries» sotuvchilarining ehtimoliy yo‘qotishlarini 445 milliarddan 507,8 milliard rublgacha deb baholagan. Shu tariqa, hozirgi vaqtda marketpleys va sotuvchilar ko‘rgan ehtimoliy umumiy zarar miqdori 600–800 milliard rubl atrofida bo‘lishi mumkin.
Elektron savdo platformalariga tovar yetkazib beruvchilar assotsiatsiyasi rahbari Margarita Yevstigneyevaning ma’lum qilishicha, «Wildberries» omborlariga uyushtirilgan hujumlar oqibatida 400 mingdan ortiq sotuvchi jabr ko‘rgan. Yo‘qotilgan tovarlarning tannarxi 200–300 milliard rublni tashkil etsa-da, boy berilgan foydani hisobga olganda, umumiy zarar miqdori 600–700 milliard rublga yetadi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, ko‘plab sotuvchilarning ombordagi jami tovarlarining 95 foizigacha bo‘lgan qismi yonib ketgan.
Ma’lumot uchun, iyul oyining o‘rtalaridan buyon Ukraina Rossiyaning eng yirik marketpleysi hisoblangan «Wildberries» logistika markazlariga muntazam ravishda zarba berib kelmoqda. «The Bell» nashrining 5-avgust holatiga ko‘ra taqdim etgan tahlillariga ko‘ra, mazkur hujumlar oqibatida marketpleys ko‘rgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarar 100 milliard rubldan oshishi mumkin. Avgust oyi boshida sotuvchilarning o‘zi ko‘rgan zarar esa 215 milliarddan 280 milliard rublgacha baholangan edi.



