Logo

Tramp 1 dollarlik tangada tasvirlangan birinchi amaldagi AQSH prezidenti bo‘ldi

Chakana narxi 25 ta tangadan iborat rulon uchun 61 dollar, 100 ta tangadan iborat qop uchun esa 154,50 dollarni tashkil etadi. Tanganing rangiga qaramay, uning tarkibida oltin yo‘q. Tramp tasvirlangan tangani muomalaga kiritishning huquqiy asoslari bahsli.

Tramp 1 dollarlik tangada tasvirlangan birinchi amaldagi AQSH prezidenti bo‘ldi © US Mint

AQSH zarbxonasi 2026-yil uchun amaldagi prezident Donald Tramp tasviri tushirilgan 1 dollarlik tanga chiqardi. Bu kundalik muomalaga chiqariladigan tangada amaldagi prezidentning ilk bor tasvirlanishidir. Bu haqda «Euronews» xabar berdi.

Endi Amerika tangalarida AQSHning amaldagi prezidenti portreti ham paydo bo‘ldi. AQSH zarbxonasi 3-sentabr kuni prezident Donald Tramp tasviri tushirilgan «oltin dollar» muomalaga chiqarilganini tasdiqladi va aholidan cho‘ntaklaridagi mayda pullarni tekshirib ko‘rishni so‘radi. Kolleksionerlarga esa faqat zarbxonaning o‘z kanallari orqali sotiladigan 25 ta tangadan iborat rulon va 100 ta tangadan iborat qoplardan xarid qilish taklif qilindi. Chakana narxi 25 ta tangadan iborat rulon uchun 61 dollar, 100 ta tangadan iborat qop uchun esa 154,50 dollarni tashkil etadi.

Aslida bunday tangani kundalik qaytim sifatida topish oson bo‘lmaydi: dollar tangalari amerikalik xaridorlar orasida ommalashmagan va banknotlarga qaraganda ancha kam muomalada yuradi.

Kolleksionerlarning yana bir maqsadi bor: 4-iyul kuni zarbxona «July 4th»maxsus belgisi tushirilgan 250 mingta shunday tanga zarb qilgan. Ular rulon va qoplarga taqsimlangan. Tanganing rangiga qaramay, uning tarkibida oltin yo‘q: tanga 88,5 foiz misdan, qolgan qismi esa rux, marganets va nikeldan iborat. Tanga Filadelfiyada zarb qilingan va unda zarbxona belgisi mavjud emas.

Bosh gravyor Jozef Menna tanganing old tomonini Oq uyning rasmiy fotosurati asosida yaratgan. Unda Tramp deyarli to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarab turgan holatda tasvirlangan. Uning tepasida «LIBERTY», «IN GOD WE TRUST» yozuvlari va 1776–2026 sanalari joylashtirilgan.

Tanganing orqa tomonida prezidentlik gerbi tasvirlangan. U dastlab sobiq bosh gravyor Frenk Gasparro tomonidan yaratilgan. Burgut tasvirlangan qalqonga mamlakatning 250 yilligi sharafiga 250 raqami qo‘shilgan. Garchi to‘liq aynan shunday holat bo‘lmasa-da, bunday tashabbusning avval ham misoli bo‘lgan. Kalvin Kulij 1926-yilda AQSH mustaqilligining 150 yilligiga bag‘ishlangan yarim dollarlik tangada Jorj Vashington bilan birga tasvirlangan. Shu tariqa u hayotlik chog‘ida tasviri Amerika tangasida paydo bo‘lgan birinchi amaldagi prezident bo‘lgan. Biroq bu esdalik tangasi edi, kundalik muomalaga mo‘ljallangan tanga emas. Tramp tasvirlangan tangani muomalaga kiritishning huquqiy asoslari esa bahsli.

Umuman olganda, Amerika qonunchiligi tirik insonlarning portretlarini tangalarga joylashtirishni taqiqlaydi. Ma’muriyat esa Trampning birinchi prezidentlik muddati davomida imzolangan 2020-yildagi «Muomaladagi kolleksiya tangalarini qayta dizaynlash to‘g‘risida»gi qonuniga tayanmoqda. Ushbu qonun 2026-yil davomida yubiley ramzlarini aks ettiruvchi 1 dollarlik tangalarni chiqarishga ruxsat beradi.

Dizaynni tasdiqlash jarayoni ham tanqidlarga sabab bo‘ldi. AQSH Tasviriy san’at komissiyasi Trampning profil ko‘rinishidagi portreti va burgut tasviri tushirilgan boshqa kompozitsiyani tavsiya qilgan edi. Biroq ushbu takliflarning hech biri qabul qilinmadi. Odatda zarbxona loyihalarini ko‘rib chiqadigan Fuqarolik tangalari bo‘yicha maslahat qo‘mitasi esa bu variantni umuman muhokama qilishdan bosh tortdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Oydagi obyektlardan biriga o‘z nomini bermoqchiligini aytgandi.

Теглар

Мавзуга оид