Tramp bir oyda kamida 51 mln dollarlik obligatsiya sotib oldi
AQSH prezidenti mart oyida 175 ta moliyaviy operatsiya amalga oshirib, energetika, texnologiya va moliya sohalaridagi yirik kompaniyalar obligatsiyalariga sarmoya kiritgan.
© Getty imagesAQSH prezidenti Donald Tramp mart oyida kamida 51 million dollarlik obligatsiyalar sotib olgan. Xaridlar turli sohalarni qamrab olgan. Bu haqda moliyaviy deklaratsiyalarga tayanib, «Reuters» xabar berdi.
AQSH Hukumat etikasi boshqarmasi tomonidan e’lon qilingan hujjatlarga ko‘ra, Tramp o‘tgan oyda 175 ta moliyaviy operatsiya amalga oshirgan. Hujjatlarda har bir bitimning aniq summasi emas, balki qiymat oraliqlari ko‘rsatilgan.
Sotib olingan obligatsiyalar
Ochiqlangan aktivlarning asosiy qismi shtatlar, okruglar, maktab okruglari va davlat idoralari yoki davlat-xususiy sherikliklar bilan bog‘liq boshqa tuzilmalar tomonidan chiqarilgan munitsipal obligatsiyalardan iborat.
Uning eng yirik 26 ta bitimi (har biri 1 milliondan 5 million dollargacha) asosan munitsipal obligatsiyalar yoki AQSH davlat qimmatli qog‘ozlariga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, ikkita operatsiya «Weyerhaeuser» va «General Motors» kompaniyalarining korporativ obligatsiyalarini xarid qilishdan iborat bo‘lgan. Shuningdek, u yuqori daromadli obligatsiyalar indeksiga bog‘langan birja fondiga ham investitsiya kiritgan.
Prezident energetika, texnologiya, sog‘liqni saqlash va moliyaviy xizmatlar sohalaridagi korporativ obligatsiyalarni ham sotib olgan. Ular orasida «Constellation Energy», «Occidental Petroleum», «Broadcom», «Nvidia», «Meta Platforms», «Microsoft», shuningdek, «Citigroup», «Goldman Sachs» va «JPMorgan Chase» kabi Uoll-strit banklari hamda «Boeing» bor.
Barcha aktiv toifalari bo‘yicha Trampning obligatsiyalarga kiritgan investitsiyasining maksimal umumiy qiymati taxminan 161 million dollarni tashkil qiladi.





