Tramp «Fors devori»ga urildi

Donald Tramp ma’muriyati ikki o‘t — o‘zlari va’da qilgan «tezkor g‘alaba» va tobora chuqurlashib borayotgan urush orasida qoldi. Oq uy kelishuvga tayyorligini bildirayotgan bir paytda, Tehron Yaqin Sharqdagi xavfsizlik tizimini tubdan o‘zgartirishni talab qilib, kutilmagan va keskin geosiyosiy shartlarni o‘rtaga tashlamoqda.

Tramp «Fors devori»ga urildi

Jar yoqasidagi diplomatiya

Diplomatik manbalarga ko‘ra, Turkiya, Misr va Pokiston vakillari yaqin 48 soat ichida AQSH va Eron o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish ilinjida tinimsiz harakat qilmoqda. Prezident Tramp Pokistonning vositachiligini ochiqdan-ochiq ma’qullab, ijtimoiy tarmoqlarda Tehron «kelishuv tuzishni juda ham istayotganini» yozib qoldirdi.

Biroq bunday optimistik bayonotlar ortida katta jarlik yashiringan. Vashington taklif qilgan 15 banddan iborat reja, aslida, Trampning birinchi prezidentlik davridagi o‘sha eski, keskin talablarning shunchaki takrori xolos. Eng qizig‘i, bu shartlar o‘z vaqtida respublikachilar tanqid qilgan «Obamaning yadroviy bitimi»dan ham yomonroq ko‘rinmoqda.

Bunga javoban, boshqaruv tizginlari butunlay Islom inqilobi muhofizlari korpusining «lochinlari» qo‘liga o‘tgan Eron shunday talablarni o‘rtaga tashladiki, Davlat departamenti ularni allaqachon «aqlga sig‘maydigan» deb baholashga ulgurdi.

1

Eron tomoni ilgari surayotgan asosiy talablar:

· Fors ko‘rfazidan AQSH harbiy bazalarini butunlay olib chiqib ketish;

· Berilgan zarbalar va yetkazilgan zarar uchun tovon puli to‘lash;

· Ho‘rmuz bo‘g‘ozini Tehronning mutlaq nazorati ostidagi «pullik kanal»ga aylantirish;

· Isroilning «Hizbulloh»ga qarshi harbiy harakatlarini to‘xtatish.

Mintaqaviy ittifoq

Tehronning eng zalvorli qadami — Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabining yangi mudofaa ittifoqini tuzish haqidagi bayonoti bo‘ldi. Bu ittifoqdan AQSH va Isroil ochiqchasiga chetlatildi.

«Mintaqa davlatlarining minglab kilometr uzoqlikdan kelganlar ishtirokisiz o‘z ittifoqini tuzish vaqti keldi», — deya ta’kidladi Eron harbiy idorasi.

Shu orqali Tehron Ko‘rfaz monarxiyalarini AQSHning «xavfsizlik soyaboni»dan voz kechishga ochiqchasiga chaqirmoqda.

Bu tashabbus davom etayotgan hujumlar fonida yangramoqda. Yaqinda Eron dronlarining Quvayt aeroportidagi yoqilg‘i terminaliga bergan zarbasi AQSH ittifoqchilari uchun urush bahosi tobora qimmatlashib borayotganidan yaqqol darak berdi.

Tramp «Epik g‘azab» amaliyotini yakunlash uchun «yaxshi bahona» qidirayotgan bir paytda, uning mintaqaviy sheriklari — Saudiya Arabistoni va BAAning xavotiri kuchaymoqda. Manbalarga ko‘ra, arab yetakchilari Vashingtonni shoshilinch qaror chiqarmaslikka undamoqda. Ular shoshqaloqlik bilan tuzilgan bitim o‘zlarini mag‘lub bo‘lmagan va darg‘azab Eron bilan yuzma-yuz qoldirishidan qo‘rqmoqda.

2

Vashingtondagi siyosiy holat

Vashingtonning o‘zida esa siyosiy kurash hamon keskinligicha qolmoqda. Senat demokratlar tomonidan prezidentning harbiy vakolatlarini cheklash bo‘yicha taqdim etilgan (Kris Myorfi rezolyutsiyasi) uchinchi urinishni ham rad etdi. Ovoz berishda 53 ga qarshi 47 nisbati bilan ustunlikka erishgan respublikachilar Trampga Eronga nisbatan yakuniy bosim o‘tkazish masalasida mutlaq harakat erkinligini («kart-blansh») ta’minlab berdi.

Diplomatik chekinishmi yoki harbiy po‘pisa?

Pentagon 82-desant diviziyasining 3000 nafar sara askarini yuborishga hozirlik ko‘rib, o‘z «kuchini» ko‘z-ko‘z qilishda davom etmoqda. Biroq tahlilchilar bir g‘alati ziddiyatga e’tibor qaratishyapti: kuchlarning oshirilishi Oq uyning o‘z «obro‘sini saqlab qolish» va faol harbiy harakatlarni tezroq tugatish istagi bilan bir vaqtda yuz bermoqda.

«Tramp "asr kelishuvi"ni tuzib, bu yerdan ketmoqchi. Ammo Eron uni cheksiz urush va sharmandali chekinish orasida tanlov qilishga majburlayapti», — deya vaziyatni izohlaydi AQSH Davlat departamentining Yaqin Sharq bo‘yicha sobiq eksperti.

Yaqin 48 soat ichida hammasi hal bo‘ladi: yo vositachilar tomonlarni muzokaralar stoliga o‘tqaza oladi, yoki mintaqani keskinlikning yangi to‘lqini kutmoqda. Bu galgi «o‘yinda» gap nafaqat yadroviy dastur, balki AQSHning sayyoramizning asosiy energetika markazida qolish-qolmasligi haqida ketmoqda.

Теглар

Мавзуга оид