Logo

Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozini AQSH hududiga qo‘shib ololadimi?

Бугун 08:205 дақиқа

AQSH prezidenti urushning oxiri ko‘rinmayotgan bir paytda Eronga nisbatan yana bir g‘ayrioddiy tahdid bilan chiqdi.

Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozini AQSH hududiga qo‘shib ololadimi?

Prezident Donald Tramp 14-avgust kuni harbiy va diplomatik jihatdan vaziyat boshi berk ko‘chaga kirib qolgan bir paytda, global neft va gazning beshdan bir qismi o‘tadigan xalqaro ahamiyatga molik suv yo‘li — Ho‘rmuz bo‘g‘ozini «tez orada» Qo‘shma Shtatlar hududi sifatida e’lon qilishini bildirdi.

Eron esa Trampning bu tahdidlarini «bema’nilik» deb atadi. Tehron jahon iqtisodiyotiga bosim o‘tkazish quroli sifatida ushbu yo‘lni to‘sib qo‘ygan bo‘lsa, Vashington Eron portlariga nisbatan harbiy-dengiz qamalini davom ettirib, uning iqtisodiyotini yanada bo‘g‘ishga urinmoqda.

Garchi Tramp Eron bilan olib borilayotgan muzokaralarni «shaxmat o‘yiniga» qiyoslagan bo‘lsa-da, kim birinchi bo‘lib yon berishi kutilayotgan mazkur to‘qnashuvda AQSH prezidentining harbiy ritorikasi 28-fevralda boshlangan urush davomida bir xil ko‘rinish kasb etib ulgurdi. Ko‘p hollarda u Eronga hujum qilish bilan tahdid qilib, faqat so‘nggi soniyalardagina fikridan qaytdi.

Xo‘sh, AQSH haqiqatan ham Ho‘rmuz bo‘g‘ozini o‘z hududiga qo‘shib ololadimi?

Trampning bayonoti

«Biz hozirda juda og‘ir mag‘lubiyatga uchrayotgan Eronni butunlay taslim qilganimizdan so‘ng, tez orada Ho‘rmuz bo‘g‘ozini AQSH hududi sifatida e’lon qilaman», — dedi Tramp Nyu-Yorkdagi politsiya akademiyasida qilgan chiqishida.

Dengiz qamaliga ishora qilar ekan, Tramp yana bir qadam oldinga borib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi allaqachon AQSH hududiga aylanib ulgurganini ta’kidladi.

«Aslida, hozirgi ahvolning o‘zi shunday. Bizda qamal bor. Biz xohlamasak, u yerdan birorta ham kema o‘ta olmaydi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Eron esa mazkur suv yo‘lini aynan o‘zi nazorat qilayotganini ta’kidlamoqda. AQSHning bu da’volariga qaramay, dengiz navigatsiyasi ma’lumotlari qamal sharoitida ham ayrim kemalar ushbu yo‘lakdan o‘tishga muvaffaq bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

«Al-Jazira» nashrining yozishicha, AQSH prezidenti bu gaplarni kulimsirab aytgan va bunga jiddiy qaramayotganga ўхшайdi.

«Bular Eron va Ummonning hududiy suvlari sanaladi. Biroq AQSH prezidenti o‘z raqiblarining, ayni vaziyatda esa Eronning g‘ashiga tegishni xush ko‘radi. Shu bilan birga, asosiy e’tibor qaratishimiz lozim bo‘lgan jihat shundaki, AQSH prezidenti Ho‘rmuz bo‘g‘ozida Qo‘shma Shtatlar tomonidan davom ettirilayotgan dengiz qamali faktini inkor qilayotgani yo‘q va bu borada ortga chekinmoqchi emas», — dedi nashr muxbiri.

Eron bunga qanday munosabat bildirdi?

Bir qator eronlik rasmiylar Trampning bu bayonotlariga keskin munosabat bildirdi. Sud hokimiyati rahbari AQSH prezidentini jinoyatchi va yengiltak deb atab, uning so‘zlarini «bema’nilik» deya baholadi hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi faqat Eronga tegishli ekanini ta’kidladi.

Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiy ham bunga munosabat bildirib, shunday dedi: «Ho‘rmuz bo‘g‘ozini na tvit, na aviatashuvchi kema, na qandaydir buyruq va na saylovoldi nutqi bilan egallab bo‘ladi».

«Ho‘rmuz bo‘g‘ozi Eronniki bo‘lgan, hozir ham Eronniki va shunday bo‘lib qoladi. Bu bo‘g‘oz faqatgina Eronning buyrug‘i bilan yopiladi yoki ochiladi. Toki siz mag‘lubiyat haqiqatini tan olmas va xomxayollaringizni yig‘ishtirmas ekansiz, Eron qamalni davom ettiraveradi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Ayni paytda, Eron bo‘g‘ozdagi qatnovlarni boshqarish bo‘yicha mazkur hududdagi yana bir sohilbo‘yi davlat — Ummon bilan kelishuvga erishish maqsadida muzokaralar olib bormoqda. Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi Eron Talabalar axborot agentligiga (ISNA) bergan intervyusida Tehron va Maskat o‘rtasidagi muzokaralar «tez orada yakuniga yetishi mumkinligini» aytdi.

Biroq suv yo‘lini qayta ochish butkul boshqa masaladi, dedi Araqchi. Buning uchun Vashington iyun oyidagi o‘zaro anglashuv memorandumida bergan va’dalarini, jumladan, dengiz qamalini olib tashlash va Eronga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilish majburiyatlarini bajarishi shart.

Trampning da’vosi qanchalik haqiqatga yaqin?

Birinchidan, suverenitet faqatgina prezidentning bir tomonlama bayonoti bilan boshqa davlatga o‘tib qolmaydi.

Masalan, Tramp bundan oldin Fors ko‘rfazida joylashgan, Eronning asosiy neft eksport markazi hisoblangan Xark orolini egallash uchun AQSH qo‘shinlarini yuborish bilan tahdid qilgan edi. O‘shanda Tehron Islom inqilobi posbonlari korpusi ularni qurollangan holda kutib olishini ma’lum qilgandi. Tramp bungacha Daniyaning muxtor hududi sanalgan Grenlandiyani ham bosib olish bilan tahdid qilgan.

Prezident Ronald Reygan davrida bosh prokuror o‘rinbosari lavozimida ishlagan Bryus Feynning ta’kidlashicha, Tramp biror hududni o‘zboshimchalik bilan anneksiya qilish bo‘yicha konstitutsiyaviy vakolatga ega emas.

«Luiziananing sotib olinishi, Gavayi yoki Panama kanalining qo‘shib olinishi yoxud Ispaniya-Amerika urushidan keyin Puerto-Riko va Filippinning qo‘lga kiritilishi kabi holatlarda bo‘lganidek, biror hududni anneksiya qilish uchun Senat tomonidan ratifikatsiya qilingan shartnoma yoki qonun talab etiladi».

Feynning qo‘shimcha qilishicha, agar Tramp anneksiyani amalga oshirsa, bu «xalqaro huquqqa, jumladan, BMT Nizomiga ko‘ra tajovuzkor urush jinoyati sifatida baholanadi».

Trampning Eronga qarshi urushi AQSHning o‘zida ham keng qo‘llab-quvvatlanayotgani yo‘q. Prezident va uning partiyadosh respublikachilari noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlarda Kongressdagi kichik ustunlikni saqlab qolishga intilmoqda. «Reuters/Ipsos» so‘rovi natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning bor-yo‘g‘i 35 foizi bu urushni yoqlaydi.

Qator AQSH ommaviy axborot vositalari Vashingtonda o‘q-dorilar, xususan, havo hujumidan mudofaa qiluvchi muhim «Patriot» tizimlari zaxirasi tugab borayotgani haqida xabar berdi. Benzin narxi ham oshib ketgan: hozirda bir gallon yoqilg‘i o‘rtacha 4 dollardan oshmoqda. Bu esa oddiy amerikaliklar uchun jiddiy muammo hisoblanadi.

O‘tgan hafta AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens Tramp ma’muriyatining urush sharoitidagi eng birinchi vazifasi oshib borayotgan benzin narxini jilovlash ekanini, Eronning yadro quroliga ega bo‘lish yo‘lidagi ehtimoliy harakatlarini to‘xtatish esa ikkinchi darajaga tushganini bildirdi.

Shuningdek, Tehron Fors ko‘rfazidagi qo‘shnilariga ham zarba berdi. Tahlilchilarning fikricha, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — mintaqa mamlakatlarini muzokaralar stolida Vashingtonni boshi berk ko‘chaga kirishga majburlashdir.

Hatto Eronning o‘zi ham xalqaro qonunchilikka, xususan, BMTning Dengiz huquqi bo‘yicha konvensiyasiga (UNCLOS) ko‘ra butun bo‘g‘oz ustidan cheklanmagan suverenitetga ega emas. U faqat o‘z chegaralari yaqinidagi ayrim sohilbo‘yi hududlarinigina nazorat qiladi.

UNCLOS sohilbo‘yi davlatlarining hududiy suvlar ustidagi suverenitetini tan oladi. Biroq bu hududiy dengiz chegarasini 12 dengiz mili (22 km) bilan cheklab qo‘yadi va kemalarning «to‘siqsiz» o‘tish huquqini kafolatlaydi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi Eron va Ummon qirg‘oqlari oralig‘idagi xalqaro suvlarda joylashgan. Eng tor qismida bo‘g‘ozning kengligi atigi 21 dengiz milini (39 km) tashkil etadi va bu hududda ikki davlatning 12 dengiz millik hududiy suvlari o‘zaro kesishadi.

Garchi AQSH ham, Eron ham UNCLOS konvensiyasini ratifikatsiya qilmagan bo‘lsa-da, mazkur hujjatning xalqaro bo‘g‘ozlarga oid qoidalari оdaтий huquq sifatida keng tan olinadi.

Теглар

Мавзуга оид