Logo

Trampning vakili O‘zbekistonda muhim kelishuvlarga erishdi

AQSH Savdo vakilligi idorasi yangi kelishuvni o‘tgan yili Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp ishtirokida e’lon qilingan 32 milliard dollarlik mega-shartnomalardan keyingi eng yirik oldinga siljish deb atadi.

Trampning vakili O‘zbekistonda muhim kelishuvlarga erishdi © Foto: prezident.uz kollaj

O‘zbekiston va AQSH savdo to‘siqlarini kamaytirish hamda o‘zaro savdo va investitsiyalar to‘g‘risidagi yangi bitim bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirishni nazarda tutuvchi dastlabki kelishuvlar paketini kelishib oldi. Bu haqda AQSH Savdo vakilligi idorasi ma’lum qildi.

Kelishuvga muvofiq, O‘zbekiston AQSHning keng turdagi sanoat tovarlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun tariflarni bekor qilish yoki pasaytirish majburiyatini oladi.

O‘z navbatida, AQSH ham milliy qonunchiligi doirasida O‘zbekistonning sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun tarif choralarini qo‘llashda qulay shart-sharoitlar yaratishni o‘z zimmasiga oladi.

Investitsiyalar kengayadi

Dastlabki kelishuv paketi investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlashni ham nazarda tutadi. Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi sarmoyalarni rag‘batlantirish va yengillashtirish yo‘llarini izlashga kelishib olgan.

Shuningdek, O‘zaro savdo va investitsiyalar to‘g‘risidagi to‘liq bitimni tayyorlash bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirishga qaror qilingan.

Munosabatlardagi yangi bosqich

AQSH Savdo vakilligi idorasining ta’kidlashicha, mazkur kelishuv o‘tgan yili Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp ishtirokida umumiy qiymati 32 milliard dollarlik ikki tomonlama tijorat shartnomalari e’lon qilinganidan beri ikki tomonlama savdo munosabatlaridagi navbatdagi jiddiy oldinga siljishni anglatadi.

Ushbu paketga «Boeing» bilan 8,5 milliard dollarlik bitim, shuningdek, muhim minerallar, tog‘-kon sanoati, energetika, moliya va axborot texnologiyalari sohalaridagi loyihalar ham kirgan edi.

AQSH tomoni, shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlagan.

Tomonlar dastlabki kelishuv paketini yaqin haftalarda rasmiy bayonnoma sifatida imzolashni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 25-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlarining Savdo vakili Jeymison Grirni qabul qilgan edi. Ikki tomonlama muzokaralarda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini, ayniqsa, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Теглар

Мавзуга оид