Turkiya investitsiyasi O‘zbekistonda 23 barobarga o‘sdi

Markaziy Osiyoga yo‘naltirilayotgan turk kapitali keskin ortib, O‘zbekiston asosiy investitsiya manziliga aylangan.

Turkiya investitsiyasi O‘zbekistonda 23 barobarga o‘sdi

Turkiya so‘nggi besh yilda Markaziy Osiyo mamlakatlariga kiritgan investitsiyalarini 3,4 barobarga oshirdi. 2025 yil o‘rtalariga kelib ularning umumiy hajmi 8,6 milliard dollarga yetdi. Bu haqda Yevroosiyo taraqqiyot banki hisobotida ma’lum qilindi.

Oxirgi bir yarim yilning o‘zida investitsiyaviy faollik qariyb 40 foizga o‘sib, qo‘shimcha 2,4 milliard dollarlik sarmoya jalb etilgan.

O‘zbekiston asosiy sarmoya hududi

Mintaqadagi turk investitsiya portfelining qariyb 75 foizi Qozog‘iston va O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari aynan O‘zbekistonda qayd etilgan. So‘nggi o‘n yilda Turkiyadan kiritilgan sarmoya hajmi 130 million dollardan 3,1 milliard dollargacha yetgan. Bu 23 baravardan ortiq o‘sishni anglatadi.

O‘zbekistondagi eng yirik loyihalar qatoridan Jizzaxdagi issiqlik elektr stansiyasi qurilishi, «Coca-Cola» zavodlarini sotib olish va kengaytirish, shuningdek Surxondaryo viloyatida sement zavodi barpo etilishi o‘rin olgan.

Qozog‘iston va boshqa mintaqaviy sarmoyalar

Qayd etilishicha, Qozog‘iston Turkiyadagi investitsiya ishtirokini faollashtirmoqda. 2024 yildan buyon jamg‘arilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya hajmi uch baravarga yaqin o‘sib, 1,7 milliard dollarga yetgan. Eng yirik kelishuv sifatida «Kaspi» kompaniyasining «Hepsiburada» marketpleysi nazorat paketini taxminan 1,1 milliard dollarga sotib olishi qayd etilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Turkmaniston va Qirg‘iziston har biri taxminan 1 milliard dollardan turk sarmoyasini jalb qilgan. Turkmanistonda asosiy loyiha Turkmaniston–Afg‘oniston–Pokiston elektr uzatish tarmog‘i qurilishi bo‘lsa, Qirg‘izistonda sarmoyalar ta’lim, bank va konchilik sohalariga yo‘naltirilgan.

Energetika va sanoat tarmoqlari

So‘nggi yillarda turk kapitali uchun eng jozibador tarmoq elektr energiyasi sohasiga aylangan. Uning investitsiya tarkibidagi ulushi 2020 yildagi 14 foizdan 2025 yilga kelib 37 foizgacha oshgan. Shuningdek, qayta ishlash sanoati, transport-logistika, agrosanoat va qurilish sohalariga ham salmoqli mablag‘lar kiritilayotgani qayd etilgan.

Теглар

Мавзуга оид