Logo

Uchko‘prikda xot-dog va non-burgerdan 37 kishi zaharlandi

Бугун 19:242 дақиқа

Jami 37 nafar fuqaro tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Ularning 31 nafari shifoxonaga yotqizilgan.

Uchko‘prikda xot-dog va non-burgerdan 37 kishi zaharlandi

2026 yil 17–18-sentabr kunlari Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida yashovchi fuqarolar holsizlik, ko‘ngil aynishi va ich ketishi kabi belgilar bilan tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan. Bu haqda Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi xabar berdi.

Dastlabki epidemiologik surishtiruvda ular Uchko‘prik tumanidagi Navro‘zshoh ko‘chasida joylashgan fast-fud shoxobchalaridan birida xot-dog va non-burger iste’mol qilgani aniqlangan.

Shifokorlar bemorlarda ovqatdan zaharlanish gumoni borligini bildirgan.

2026 yil 18-sentabr soat 17:00 holatiga ko‘ra, jami 37 nafar fuqaro tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Ularning 31 nafari shifoxonaga yotqizilgan.
Hozirda bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

«Hozirda bemorlarga malakali mutaxassislar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Holat yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda. Gumondagi oziq-ovqat mahsulotlari hamda bemorlardan tekshiruv o‘tkazish uchun tegishli namunalar olingan va tegishli laboratoriyalarda tekshirilmoqda», – deyilgan xabarda.

Tadbirkorlik subekti faoliyati qonunchilikda belgilangan tartibda vaqtinchalik to‘xtatildi.

Bu O‘zbekistondagi birinchi bunday holat emas

Ovqatdan zaharlanish bilan bog‘liq holatlar avval ham qayd etilgan. Masalan, 2024 yil sentabrda Toshkentdagi «Muhteshem Doner» kafesi bilan bog‘liq holatda 23 kishi ovqatdan zaharlanish belgilari bilan shifoxonalarga joylashtirilgan. Dastlabki epidemiologik surishtiruvda barcha bemorlar kafeda tayyorlangan taomlarni iste’mol qilgani aniqlangan.

O‘shanda barcha bemorlar iste’mol qilgan sous zaharlanish sababi bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Bundan avval, Samarqandda 17 kishi, jumladan uch nafar bola, xot-dog iste’mol qilganidan keyin zaharlanish belgilari bilan shifoxonaga yotqizilgan holat ham qayd etilgan. Dastlabki epidemiologik surishtiruvda ularning barchasi Sattepo massividagi dehqon bozori yaqinida sotilgan xot-doglarni iste’mol qilgani aniqlangan.

Sanepidqo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda respublika bo‘yicha 44 ta ovqatdan zaharlanish holati qayd etilgan. Ushbu holatlarda jami 63 kishi, jumladan 17 nafar bola jabrlangan.

Мавзуга оид