Uy-joy bozori: Toshkentning qaysi hududlarida ko‘chmas mulk narxi tezroq o‘smoqda?

2026 yilning dastlabki besh oyida Toshkentda ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar narxi o‘rtacha 3 foizga oshdi. Eng yuqori o‘sish Olmazor va Yakkasaroy tumanlarida qayd etildi.

Uy-joy bozori: Toshkentning qaysi hududlarida ko‘chmas mulk narxi tezroq o‘smoqda?

2026 yilning 1-iyun holatiga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarning o‘rtacha bozor narxi yanvar oyiga nisbatan 3 foizga qimmatlashgan. Bu haqda Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazining Toshkent shahridagi elektron savdo platformalari orqali e’lon qilingan ko‘chmas mulklarning o‘rtacha bozor narxlari to‘g‘risidagi solishtirma ma’lumotida keltirib o‘tilgan.  

Qaysi hududlarda narxlar eng ko‘p o‘sgan?

Tahlillarga ko‘ra, poytaxtda eng yuqori o‘sish sur’ati Olmazor va Yakkasaroy tumanlarida kuzatildi: ikkala tumanda ham ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarning 1 kvadrat metri uchun narxlar 5,2 foizga o‘sdi. Keyingi eng yuqori o‘sish Yashnobod tumanida kuzatildi. Ushbu hududda kvartiralarning o‘rtacha narxi bir kvadrat metr uchun 13,6 mln so‘mdan 14,2 mln so‘mgacha ko‘tarilib, 4,4 foizlik o‘sish qayd etdi.

Poytaxtning Shayxontohur tumanida ham sezilarli o‘sish kuzatildi. Bu yerda 1 kvadrat metri uchun narxlar 24 mln so‘mdan 25 mln so‘mgacha oshib, 4,2 foizga qimmatlashdi.

Shu bilan birga, Bektemir tumanida ham sezilarli o‘sish kuzatilib, 1 kvadrat metri uchun narxlar 10,9 mln so‘mdan 11,3 mln so‘mgacha yoki 3,7 foizga oshdi. Chilonzorda 2,5 foiz, Mirobodda 2,2 foiz, Mirzo Ulug‘bek tumanida 2,1 foiz o‘sish kuzatildi. Yunusobod, Uchtepa, Sergeli va Yangihayot tumanlarida kvartiralar narxi deyarli o‘zgarmadi. Bu hududlarda besh oylik o‘sish 1 foizga ham yetmagan.

Hovlilar eng ko‘p Mirobodda qimmatlashgan

Toshkentda yakka tartibdagi uy-joylar segmentida ham narxlar o‘sishi kuzatildi. 2026 yil boshidan buyon poytaxt bo‘yicha o‘rtacha narx bir sotix uchun narxlar 2,3 foizga oshib, 937,3 mln so‘mdan 958,4 mln so‘mgacha ko‘tarildi.

Xususan, Mirobodda hovlilar narxi bir sotix uchun 1,01 mlrd so‘mdan 1,08 mlrd so‘mgacha oshib, 6,6 foizga qimmatlashdi. Keyingi o‘rinlarda Yashnobod (6 foiz), Uchtepa (3,5 foiz) va Shayxontohur (3,2 foiz) tumanlari qayd etildi. Sergeli va Yangihayot tumanlari esa hovlili uylarning o‘rtacha narxi pasayib, 3,1 foizga arzonlashdi.

Noturar joylar 

Noturar obyektlarning o‘rtacha narxi shahar bo‘yicha kvadrat metri uchun 16,2 mln so‘mdan 16,5 mln so‘mgacha o‘sib, 1,9 foizlik o‘sishni tashkil qildi. Eng yuqori o‘sish Olmazor tumanida qayd etildi. Bu yerda noturar joylar narxi 12,1 mln so‘mdan 12,7 mln so‘mgacha ko‘tarilib, 5 foizga oshgan. Keyingi o‘rinlarda Sergeli, Yangihayot (4,3 foiz), Uchtepa (3,8 foiz) hamda Chilonzor (3,7 foiz) tumanlari joylashdi. Faqat Bektemir tumanida noturar obyektlar narxi pasaygan bo‘lib, kvadrat metrning o‘rtacha qiymati 8,4 mln so‘mdan 8,3 mln so‘mga tushgan.

Eng qimmat ko‘chmas mulk qaysi tumanlarda?

Narxlar kesimida qaralganda, Toshkentdagi eng qimmat kvartiralar Shayxontohur tumanida joylashgan bo‘lib, bu yerda bir kvadrat metrning o‘rtacha qiymati 25 mln so‘mga yetgan.

Keyingi o‘rinlarda Mirobod (23,1 mln so‘m), Yakkasaroy (20,4 mln so‘m) va Mirzo Ulug‘bek (19,5 mln so‘m) tumanlari turibdi. Eng arzon kvartiralar esa Bektemir (11,3 mln so‘m), Sergeli va Yangihayot tumanlarida (11,42 mln so‘m) qayd etildi.

Hovlili uy-joylar segmentida eng yuqori narx Mirzo Ulug‘bek tumanida. Bu yerda bir sotix yer bilan hisoblangan uyning o‘rtacha qiymati 1,71 mlrd so‘mni tashkil etadi. Shuningdek, Yakkasaroy (1,64 mlrd so‘m), Yunusobod (1,44 mlrd so‘m) va Mirobod (1,08 mlrd so‘m) tumanlari ham eng qimmat hududlar qatoriga kirgan.

Eng arzon hovlili uylar esa Bektemir tumanida bo‘lib, bir sotixning o‘rtacha narxi 389,2 mln so‘mni tashkil etgan.

Noturar joylar bozorida ham Mirzo Ulug‘bek tumani yetakchilik qilmoqda. U yerda tijorat ko‘chmas mulkining o‘rtacha narxi kvadrat metri uchun 24,4 mln so‘mga teng.

Keyingi o‘rinlarda Mirobod (22,6 mln so‘m), Yakkasaroy (21,8 mln so‘m) va Yunusobod (19,7 mln so‘m) tumanlari joylashgan. 

Eng past narx esa Bektemir tumanida kuzatilib, kvadrat metrning o‘rtacha qiymati 8,3 mln so‘mni tashkil etdi.

11

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida 2025 yilning dekabr oyi yakunida 100 kv m (1 sotix) yer maydonining narxi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,4 foizga pastroq bo‘lib, 319 mln so‘mni tashkil etgandi.

Теглар

Рухсора Жовлиева

Рухсора ЖовлиеваМақолалар сони: 1096

Барчаси

Мавзуга оид