«UzAuto Motors»ning debitorlik qarzdorligi 2,5 trln so‘mdan oshdi
Shu bilan birga, kompaniyaning omborlaridagi mahsulot va tovar-moddiy zaxiralari hajmi 11,73 trln so‘mdan 17,97 trln so‘mgacha ko‘paydi.

«UzAuto Motors» AJning xaridorlar va buyurtmachilardan oladigan qisqa muddatli debitorlik qarzdorligi 2026 yil 30-sentabr holatiga ko‘ra 2,55 trillion so‘mga yetdi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portalida (openinfo.uz) e’lon qilingan kompaniyaning uchinchi chorak moliyaviy hisobotida ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 2025 yil 31-dekabr holatida 1,96 trillion so‘mni tashkil etgan edi.
Zaxiralar ko‘payishi va uzoq muddatli aktivlar pasayishi
Hisobot davrida kompaniyaning jami joriy aktivlari 24,34 trillion so‘mni tashkil etgan. Bunda tovar-moddiy zaxiralari hajmi 11,73 trillion so‘mdan 17,97 trillion so‘mgacha oshgan.
Shu bilan birga, avtoishlab chiqaruvchining uzoq muddatli aktivlari 12,25 trillion so‘mdan 10,97 trillion so‘mgacha kamaygan. Jami aktivlar qiymati esa 31,75 trillion so‘mdan 35,31 trillion so‘mgacha oshgani qayd etilgan.
Qarz majburiyatlari va ma’muriy xarajatlar
Kompaniyaning joriy majburiyatlari 16,19 trillion so‘mdan 17,89 trillion so‘mgacha ko‘paygan. Ular orasida yetkazib beruvchilar va pudratchilar oldidagi qisqa muddatli qarzdorlik 1,21 trillion so‘mdan 286,63 milliard so‘mgacha qisqargan bo‘lsa, olingan bo‘nak (avans)lar bo‘yicha majburiyatlar 834,77 milliard so‘mdan 1,62 trillion so‘mga oshgan.
Shuningdek, hisobot davrida «UzAuto Motors»ning sotish xarajatlari 1,02 trillion so‘mdan 1,17 trillion so‘mgacha ko‘paygan.
Ma’muriy xarajatlar esa 609,14 milliard so‘mdan 582,45 milliard so‘mgacha kamaygan.





