UzNIF aksiyalari Toshkentda 70 foiz, Londonda 10 foizdan ko‘proq qimmatladi

Kun davomida 1 dona aksiya narxi 7,5 so‘mgacha ko‘tarildi. Ayni paytda narx pasayishni boshlagan va 6 so‘m atrofida bo‘lib turibdi.

UzNIF aksiyalari Toshkentda 70 foiz, Londonda 10 foizdan ko‘proq qimmatladi © UzNIF

Bugun, 2026-yil 18-may kuni Toshkent fond birjasida Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) aksiyalari bo‘yicha ilk savdolar boshlandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, jamg‘arma aksiyalarining savdo hajmi 1 mlrd so‘mdan oshishiga bir yarim soat kifoya qilgan. Toshkent vaqti bilan soat 12:40 holatiga ko‘ra, savdolar hajmi 3 mlrd so‘mga yaqinlashdi.

Kun davomida UzNIF aksiyalari narxi 7,5 so‘mgacha ko‘tarildi va joylashtirish narxiga nisbatan 70 foizdan ko‘proq o‘sishni qayd etdi.

1

Manba: Jett.uz

Biroq, keyinchalik birjadagi ommaviy sotuv ortidan aksiyalar narxi pasayishni boshladi. Ayni paytda 1 dona aksiya narxi 6 so‘m atrofida bo‘lib, joylashtirish narxi bilan solishtirilganda o‘sish ko‘rsatkichi 20 foizga yaqin bo‘lib turibdi.

London fond birjasida UzNIF aksiyalari Global Depositary Receipt (GDR) ko‘rinishida chiqarilgandi. 18-may holatiga ko‘ra, GDR narx 27,8 dollargacha ko‘tarildi.

2

Manba: Londonstockexchange.com

IPO doirasida GDR aksiyalari narxi 25 dollardan joylashtirilgan edi. Natijada UzNIF aksiyalari London fond birjasida 11 foizdan ko‘proqqa o‘sdi. Shunga qaramay, ayni paytda narx 27,60 dollar atrofida bo‘lib turibdi.

Bugun, 18-may kuni Londonda UzNIF IPO’si va aksiyalari savdosining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda prezident adminstratsiya rahbari Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etdi.

Aksiyalarni qanday sotib olish mumkin?

UzNIF aksiyalarini sotib olishni xohlovchilar uchun broker yoki invest-platforma kerak bo‘ladi. Hozirda eng oddiy yo‘l — mobil ilova yoki broker orqali hisob ochish.

Savdolar Toshkent respublika fond birjasida amalga oshiriladi. Unda Jett, Avesto Investment, Freedom Finance kabi brokerlar orqali qatnashish mumkin.

Jarayon odatda quyidagicha amalga oshiriladi:

Broker yoki ilovada akkaunt ochish;
Pasport/JSHSHIR bilan ro‘yxatdan o‘tish;
Hisobraqamni to‘ldirish.

Keyin esa «UzNIF» tikkerini topib, nechta aksiya olmoqchi bo‘lsangiz buyurtma berasiz. Oddiy aksiya kodi — UZ705898.

IPO qanday o‘tdi?

UzNIF O‘zbekistondagi 13 ta strategik davlat aktivlari ulushidan shakllantirilgan. Ular orasida Uzbekistan Airways, Sanoatqurilishbank, O‘zbekiston temir yo‘llari kabi yirik aktivlar bor.

13-may kuni UzNIF IPO jarayonlarini muvaffaqiyatli yakunlab, aksiyalarning 31 foizini 603,4 mln dollarga sotgani ma’lum qilingandi.

Bunda aksiyalarning asosiy sotuvi London fond birjasiga to‘g‘ri keldi.

Теглар

Мавзуга оид