Vazirlik va hokimliklarda har payshanba – Yoshlar kuni bo‘ladi
«Ko‘ksaroy» qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarga bag‘ishlangan muloqoti bo‘lib o‘tmoqda.

Mamlakatimizda har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda «Yoshlar kuni» sifatida belgilandi. Bu tashabbus yoshlar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ularning muammolarini joyida hal etishni maqsad qiladi.
Belgilangan kunda sohaga mas’ul rahbarlar mahalla, maktab va texnikumlarga bevosita borib, yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazadi. Yoshlarning taklif va muammolari tinglanib, ularni tezkor hal qilish bo‘yicha aniq choralar ko‘riladi.
Hokimlar yoshlarga mo‘ljallangan savdo va servis loyihalarini amalga oshiradi. Shuningdek, yoshlarning ta’lim olishi, sport bilan shug‘ullanishi, kasb va xorijiy til o‘rganishi, ishga joylashishi yoki tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga ko‘maklashish asosiy vazifa sifatida belgilandi.
Shu bilan birga, eng yaxshi tomorqachi, fermer, sanoatchi, startapchi, ijodkor va ma’naviyat sohasida faol yoshlar uchun tanlov va yarmarkalar o‘tkaziladi. Qiziqarli mavzulardagi ushbu tadbirlar yoshlarning iqtidorini yuzaga chiqarish va ularni rag‘batlantirishga qaratilgan.
O‘zbekiston 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga mezbonlik qiladi — Prezident
O‘zbekiston Yoshlar taraqqiyoti global indeksda eng tez sur’atlarda rivojlanayotgan davlat deb e’lon qilindi. Prezident bu natijani mamlakat yoshlar siyosati samarasi sifatida baholab, bu barchaga g‘urur bag‘ishlashini ta’kidladi.
Davlat rahbari joriy yilda Toshkent shahrida Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati bosh qarorgohi tashkil etilishini ma’lum qildi. Shuningdek, Samarqand shahri Yoshlar parlamenti a’zolarining 12-global konferensiyasiga mezbonlik qiladi.
Bundan tashqari, «Take Off» xalqaro startap sammiti va 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi ham yurtimizda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
«Albatta, yangi metodika va innovatsiya olib kirib, ta’lim sifatini oshirish va bolalarni kasbining ustasi qilish haqida izlanadigan rahbarning faoliyatida o‘zgarish bo‘ladi, ishiga yangicha muhit kiradi», dedi davlat rahbari.
Yoshlarning global yutuqlar va yangi marralar
O‘tgan yil davomida o‘zbekistonlik yoshlar jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush va 221 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu ko‘rsatkichlar O‘zbekistonning intellektual salohiyati tobora yuksalayotganini namoyon etmoqda.
Nufuzli xorijiy universitetlarda tahsil olayotgan yoshlar soni ham keskin oshdi. Bugungi kunda Harvard University, Yale University, Princeton University, Columbia University va Cornell University kabi dunyoning eng nufuzli oliygohlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 500 nafardan oshdi. Jahonning TOP-100 universitetlarida o‘quvchi yigit-qizlarimiz esa 3,5 ming nafardan ziyodni tashkil etmoqda.
Innovatsiya va startap yo‘nalishida ham sezilarli o‘sish kuzatilmoqda. Yangilikka intiluvchan yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan 63 ta startap loyihasi AQSH, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va Birlashgan Arab Amirliklari bozorlariga kirib bordi. Bu loyihalar raqamli texnologiyalar, moliyaviy xizmatlar va ta’lim sohasini qamrab olgan.
Sport sohasida ham yoshlar yuksak natijalar qayd etdi. Xalqaro musobaqalarda 720 ta oltin, 671 ta kumush va 854 ta bronza medali qo‘lga kiritildi. Bu natijalar mamlakatning sport infratuzilmasi va tayyorgarlik tizimi samarasini ko‘rsatmoqda. Bugun yosh tadbirkorlar yurtimizdagi biznes vakillarining 35 foizini tashkil etadi.





