Xitoy kompaniyasi quradigan pulli yo‘l, Toshkentga 3,5 mlrd dollarlik investitsiya va bir kunlik rasmiy ish — 28-may dayjesti

Кеча 23:003 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Xitoy kompaniyasi quradigan pulli yo‘l, Toshkentga 3,5 mlrd dollarlik investitsiya va bir kunlik rasmiy ish — 28-may dayjesti

Toshkent–Samarqand pullik yo‘li tenderida Xitoy kompaniyasi g‘olib bo‘ldi

Toshkent–Samarqand o‘rtasida quriladigan 282 kilometrlik yangi pullik avtomagistral loyihasi bo‘yicha 2,18 mlrd dollarlik tenderda Xitoy kompaniyasi g‘olib deb topildi. Ayni paytda shartnoma imzolash hamda qurilish ishlarini boshlash bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Qurilish ishlarini 2026 yil iyul oyida boshlash rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Milliy banki boshqaruvi raisi Alisher Mirsoatov loyiha qiymati taxminan 2,185 mlrd dollar ekanini ma’lum qildi. Loyihani moliyalashtirish to‘rt bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, mablag‘larning asosiy qismi xorijiy kreditlar hisobidan qoplanadi. Moliyalashtirish jarayoniga Xitoy taraqqiyot banki, Xitoy eksport-import banki va Xitoy kommunikatsiyalar banki kabi moliya institutlarini jalb qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, qurilish ishlarining uzluksizligini ta’minlash uchun 1 yil muddatga 200 mln dollarlik «brij-kredit» olish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.

Toshkent uchun 3,5 mlrd dollarlik investitsiya va eksport kelishuvlari imzolandi

Xitoyning Sian shahrida O‘zbekiston–Xitoy hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi. Forum yakunida poytaxt uchun umumiy qiymati 3,5 mlrd dollardan ortiq investitsiya va eksport shartnomalariga erishilgan. Shundan 3 mlrd 350 mln dollari investitsiya loyihalariga, 156 mln dollari esa eksport bitimlariga to‘g‘ri keladi.

Tashabbuslarning asosiy maqsadi Toshkentni aholi va mehmonlar uchun yanada qulay, xavfsiz va zamonaviy shaharga aylantirishdan iborat. Shu maqsadda transport tizimi, jamoat joylari, avtoturargohlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda ekologik yechimlarni rivojlantirish rejalashtirilgan. Loyihalar EPC+F modeli asosida amalga oshirilishi belgilangan. Bunda moliyalashtirish davlat budjeti mablag‘lari va davlat kafolatlarisiz, xitoylik hamkorlar tomonidan jalb qilinadi. Xarajatlar esa keyinchalik shahar budjeti uchun yaratiladigan yangi daromad manbalari hisobidan bosqichma-bosqich qoplanishi ko‘zda tutilgan.

Kafe va restoranlarda bir kunlik rasmiy ishga qabul qilish joriy etiladi

Prezidentning «Kichik biznes subyektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, restoran va umumiy ovqatlanish sohasida xodimlarni qisqa muddatga — hatto bir kunlik yoki bir haftalik asosda ham rasman ishga qabul qilish imkoni yaratiladi.

Yangi tizim orqali xodimni ishga qabul qilish va unga ish haqi to‘lash jarayoni shu kunning o‘zida amalga oshiriladi. Bu ayniqsa kunlik yoki qisqa muddatli ishchilardan foydalanadigan kafe, restoran, turizm va mehmonxona biznesi uchun qulaylik yaratadi.

Alkogol va tamaki mahsulotlarini naqd pulga sotishga ruxsat berildi

O‘zbekistonda 1-iyundan mehmonxona va umumiy ovqatlanish korxonalarida alkogol va tamaki mahsulotlarini naqd pulga sotishga ruxsat beriladi.

2027 yil 1-yanvardan boshlab, alkogol mahsulotlarini chakana sotish huquqi uchun hamda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish huquqi uchun yig‘imlar birlashtiriladi va uning stavkasi bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida belgilanadi.

Ayrim doktorantlarning stipendiyasi 1,7 barobarga oshiriladi

Prezidentning «Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan doktornturada differensial stipendiya tizimi joriy etiladi. Unga ko‘ra, ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul qilingan doktorantlarga bazaviy stipendiyaning 1,7 barobari miqdorida to‘lanadi.

Shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda tahsil olayotgan izlanuvchilarning tadqiqot ishlari uchun har oy bazaviy stipendiyaning 30 foizi miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi. Bu mablag‘ asbob-uskuna va ilmiy faoliyat uchun zarur tovarlar xaridiga yo‘naltiriladi.

Теглар

Мавзуга оид