Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘lida 9 kilometrdan ortiq tunnel qazildi
Transport vaziri Ilhom Mahkamovning ma’lum qilishicha, Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li loyihasi doirasida tunnellar va ko‘priklar qurilishi jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
© Foto: Qonunchilik palatasiXitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston orasida qurilayotgan temiryo‘lda to‘qqiz kilometrdan ortiq tunnel qazildi. Bu haqda O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov 3-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi chiqishi davomida ma’lum qildi.
Vazirning aytishicha, mazkur loyiha doirasida 19 ta stansiya, jumladan, ikkita chegara stansiyalari va bitta yuk ortish-tushirish stansiyalari, shu bilan birga, 29 ta tunnel, 50 ta ko‘prik qurilishi ko‘zda tutilgan. Qirg‘iziston hududida uchta davlat ulushidan iborat bo‘lgan «Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘l kompaniyasi» mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilgan.
Qilingan ishlar
Bildirilishicha, hozirda qurilish ishlariga 5 883 ta maxsus texnika va 9 000 nafardan ziyod ishchi jalb qilinib, 25 ta tunnelda to‘qqiz kilometrdan ortiq qazish ishlari amalga oshirilgan.
«Ramali ko‘priklar qurilishi sakkizta obyektda boshlangan bo‘lib, bu loyihada nazarda tutilgan 33 ta ko‘prikning 24 foizini tashkil etadi. Ayni paytda xandaq qazish va poydevorlarni tayyorlash ishlari olib borilmoqda», – dedi vazir Mahkamov.
Reja va kutilayotgan natija
Transport vazirining szlariga ko‘ra, mazkur strategik loyiha 2030-yil yakuniga qadar qurib bitkazilishi rejalashtirilgan. Loyiha to‘liq quvvatda ishga tushgach, yuk tashishning hajmi yiliga 15 million tonnagacha yetishi va tovarlar yetkazib berish muddati o‘rtacha yetti kunga qisqarishi kutilmoqda.
Loyihaning boshlanishi
Mazkur temiryo‘l g‘oyasi ilk bor 1996 yilda ilgari surilgan bo‘lib, shu vaqtgacha kamida 18 ta texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqilgan. Loyiha murakkab tog‘li hududlar, temiryo‘l izi standartlari va moliyalashtirish masalalari sabab uzoq yillar davomida kechiktirilgan.
2024 yil iyun oyida uch davlat temiryo‘l qurilishi bo‘yicha rasmiy bitimni imzolagan. Shu yil 27-dekabr kuni qurilish ishlariga start berilgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu loyihani «qariyb 30 yillik sa’y-harakatlar natijasi bo‘lgan tarixiy voqea» deb atagan.
Shuningdek, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning ma’lum qilishicha, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lining ishga tushirilishi taxminan 2030 yilga mo‘ljallanmoqda. 2030 yilda temiryo‘l orqali 8 million tonna yuk tashish kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich 2040 yilga borib 10 million, 2050 yilda esa 13,5 million tonnaga yetadi. Qirg‘iziston hukumati loyiha 30–40 yil ichida o‘zini to‘liq qoplashini ma’lum qilgan.





