Logo

XVJ Qozog‘istonda inflatsiya xavfi tufayli bazaviy stavkani oshirishni tavsiya qildi

Бугун 13:363 дақиқа

Yillik inflatsiya darajasi oktabr oyida 9,2 foizgacha pasaydi. Biroq bu ko‘rsatkich Milliy bank belgilagan 5 foizlik maqsadli darajadan deyarli ikki baravar yuqori. Tashkilot prognozlariga ko‘ra, mamlakatda inflatsiya 2026-yilning oxirigacha 9,6 foizga yetadi. 2027-yil oxirida esa 8,4 foizgacha pasayishi kutilmoqda.

XVJ Qozog‘istonda inflatsiya xavfi tufayli bazaviy stavkani oshirishni tavsiya qildi © centralasianlight.org

Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) inflatsiya bilan bog‘liq xavflar saqlanib qolayotgani sababli Qozog‘iston Milliy bankiga bazaviy stavkani oshirish masalasini ko‘rib chiqishni tavsiya qildi. Bu tavsiya 2026-yilda bazaviy stavka to‘rt marta pasaytirilib, 18 foizdan 15,75 foizga tushirilganidan keyin berildi.

XVJ missiyasi 4–17-noyabr kunlari Qozog‘iston hukumati vakillari bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha e’lon qilgan bayonotida oziq-ovqatdan tashqari tovarlar va xizmatlar narxi yuqori sur’atda qimmatlayotgani, aholining inflatsiya bo‘yicha kutilmalari yuqoriligicha qolayotgani hamda davlat xarajatlari narxlar oshishiga qo‘shimcha bosim o‘tkazayotganini ta’kidladi.

Qozog‘istonda yillik inflatsiya darajasi oktabr oyida 9,2 foizgacha pasaydi. Biroq bu ko‘rsatkich Milliy bank belgilagan 5 foizlik maqsadli darajadan deyarli ikki baravar yuqori. XVJning ta’kidlashicha, inflatsiya maqsadli ko‘rsatkichga yaqinlashmaguncha Milliy bank qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirishi kerak.

Jamg‘armaning fikricha, «bazaviy stavkani oshirish maqsadga muvofiq ko‘rinadi». Bu tavsiya Milliy bankning oktabr oyida bildirgan pozitsiyasiga zid. O‘shanda bank yil oxirigacha bazaviy stavkani yana o‘zgartirish ehtimoli kamligini ma’lum qilgan edi. Qozog‘iston Markaziy banki bazaviy stavkani 2026-yil iyunda pasaytirishni boshlagan. Bungacha stavka qariyb sakkiz oy davomida 18 foiz darajasida saqlab kelingan. 23-oktabrga kelib esa u 15,75 foizga tushirildi. O‘sha paytda Milliy bank raisi Timur Sulaymenov stavka yil oxirigacha shu darajada saqlanib qolishi mumkinligini bildirgan edi. Navbatdagi qaror 4-dekabr kuni qabul qilinishi kutilmoqda.

XVJ ekspertlari, shuningdek, bank tizimidagi ortiqcha pul mablag‘larini ko‘proq jalb qilishni tavsiya etmoqda. Buning uchun Milliy bank bozor stavkalari bo‘yicha uzoqroq muddatli obligatsiyalarni muntazam ravishda chiqarib borishi mumkin. Tashkilot prognozlariga ko‘ra, Qozog‘istonda inflatsiya 2026-yilning oxirigacha 9,6 foizga yetadi. 2027-yil oxirida esa 8,4 foizgacha pasayishi kutilmoqda.

Inflatsiya faqat 2029-yilga borib 5 foizlik maqsadli darajaga yaqinlashishi mumkin. Milliy bank esa inflatsiya 2028-yilda 5 foiz atrofiga tushishini kutmoqda.

Jamg‘arma ekspertlari inflatsiyaning yuqori darajada saqlanib qolayotganiga bir nechta omil sabab bo‘layotganini ta’kidlamoqda. Bular — budjet xarajatlarining ko‘payishi, mamlakatning neft daromadlari jamlanadigan Milliy jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish, davlat korxonalarining budjetdan tashqari xarajatlari va kreditlari, shuningdek, kommunal xizmatlar tariflarining yana oshirilishi.

XVJ hisob-kitoblariga ko‘ra, Qozog‘istonda real yalpi ichki mahsulot (YAIM) o‘sishi neft qazib olishdagi uzilishlar sababli 2025-yildagi 6,5 foizdan 2026-yilning dastlabki 10 oyida taxminan 4,5 foizgacha sekinlashgan. Neft bilan bog‘liq bo‘lmagan sohalardagi iqtisodiy faollik esa hali ham iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi uchun hisoblangan darajadan yuqori bo‘lib qolmoqda.

Prognozlarga ko‘ra, Qozog‘iston iqtisodiyoti 2026-yilda 4,6 foizga, 2027-yilda esa 4,8 foizga o‘sadi. Bunday o‘sishga asosan neft bilan bog‘liq bo‘lmagan sohalarga davlat xarajatlarining ko‘payishi hisobiga erishilishi kutilmoqda. Neft qazib olish hajmi esa barqaror qolishi prognoz qilingan.

XVJ Qozog‘iston iqtisodiyoti uchun asosiy tashqi xavflar sifatida jahon bozorida neft va gaz narxlarining pasayishi, mamlakatning asosiy savdo hamkorlarida iqtisodiy o‘sish sekinlashishi, xalqaro moliyalashtirish sharoitlarining qat’iylashishi, shuningdek, neft qazib olish va eksport qilishda yangi uzilishlar yuzaga kelishini ko‘rsatgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq jahon iqtisodiyotida asosiy stavka qanday o‘zgarayotganini 5 ta davlat misolida tushuntirgan edik.

Теглар

Мавзуга оид