«Yangi ko‘chatlar ko‘p yillik daraxtlar o‘rnini bosmaydi»: Ekologiya qo‘mitasi kutubxona ortidagi avtoturargoh loyihasiga munosabat bildirdi
Qo‘mita hududdagi mavjud yashil maydon va daraxtlarni maksimal darajada saqlab qolish, ularni to‘liq xatlovdan o‘tkazish hamda loyiha hujjatlarini belgilangan tartibda ekologik ekspertizadan o‘tkazish zarurligini bildirdi.
© Foto: Kun.uzAlisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ortidagi 1,3 gektar hududda avtoturargoh tashkil etish va hududni obodonlashtirish loyihasi bo‘yicha hozircha ekologik ekspertiza xulosasi mavjud emas. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qo‘mitaning ta’kidlashicha, shu sababli hududda har qanday qurilish va obodonlashtirish ishlari, jumladan daraxt va butalarga, yashil maydonlarga hamda tuproq qoplamiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ishlar tegishli ekologik baholashdan o‘tkazilmasdan turib amalga oshirilishi mumkin emas.
Yangi ko‘chatlar ko‘p yillik daraxtlar o‘rnini bosmaydi
Loyiha rejasida hududga 1 000 dan ortiq daraxt va buta ekilishi qayd etilgan.
Ekologiya qo‘mitasining bildirishicha, yangi ko‘chatlar mavjud ko‘p yillik daraxtlar va shakllangan yashil hududlarning ekologik, iqlimiy va rekreatsion ahamiyatini to‘liq o‘rnini bosa olmaydi.
«Hududdagi mavjud yashil maydon va daraxtlarni maksimal darajada saqlab qolish, ularni to‘liq xatlovdan o‘tkazish hamda loyiha hujjatlarini belgilangan tartibda ekologik ekspertizadan o‘tkazish zarur», — deya ta’kidlanadi rasmiy munosabatda.
Bundan avvalroq Urbanizatsiya milliy qo‘mitasi ham mazkur loyihaga munosabat bildirib, shahar markazidagi mavjud yashil hududlar qisqarishi, aholi sayr qilishi va dam olishi uchun qulay jamoat joylari o‘rnida konstruktiv qurilishlar bo‘lishi mutlaqo maqsadga muvofiq emasligini aytgan edi.