Logo

Yevrokomissiya YI davlatlarini gaz va elektr energiyasi iste’molini kamaytirishga chaqirdi

Бугун 08:002 дақиқа

Yevropada tabiiy gaz narxi qariyb uch barobarga oshdi va qishda 100 yevrodan ham oshib ketishi kutilmoqda.

Yevrokomissiya YI davlatlarini gaz va elektr energiyasi iste’molini kamaytirishga chaqirdi

Yevropa komissiyasi energiya resurslari narxining keskin oshishi fonida Yevropa Ittifoqi davlatlarini tabiiy gaz va elektr energiyasi iste’molini qisqartirish choralarini ko‘rishga chaqirdi. Yevropaning energetika va uy-joy qurilishi bo‘yicha komissari Dan Yorgensen YIga a’zo davlatlar energetika vazirlariga yo‘llagan maktubida bunday choralarni «qancha vaqt talab qilinsa, shuncha» qo‘llashni so‘radi.

Brussel rasmiysiga ko‘ra, talabning vaqtinchalik pasayishi jahon bozoridagi cheklangan taklif va energetika bozorlaridagi yuqori beqarorlik sharoitida narxlarni jilovlashga yordam beradi.

«Biz ta’minot inqirozi bilan bog‘liq narxlar inqiroziga duch kelmoqdamiz», — dedi Dan Yorgensen.

Vaqtinchalik choralar va qishga tayyorgarlik

Yevrokomissar 2022 yilgi energetika inqirozi davrida iste’molni ixtiyoriy va rejali qisqartirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar o‘z samarasini berganini eslatib, hozirgi sharoitda YI o‘sha davr tajribasini qo‘llashi zarurligini ta’kidladi.

Hozirda YIda gaz zaxiralari past darajada bo‘lsa-da, ta’minot xavfsizligiga bevosita tahdid yo‘qligi qayd etildi. Shu bilan birga, iste’mol va narxlarni tartibga solish choralari manzilli hamda vaqtinchalik bo‘lishi, shuningdek, ular iste’molning yanada oshishiga turtki bermasligi kerakligi bildirildi.

Bugungi kunda YI davlatlaridagi gaz omborlarining to‘liqlik darajasi taxminan 70 foizni tashkil qilmoqda. Xabarga ko‘ra, Brussel energiya tizimini qish mavsumiga tayyorlash maqsadida noyabr oyi boshigacha bu ko‘rsatkichni 80 foizga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Narxlarning 100 yevrodan oshish xavfi

Yevropadagi tabiiy gaz narxlari uchun asosiy ko‘rsatkich hisoblangan Niderlandiyaning TTF xabida vaziyat fevral oyi oxiridan beri keskin o‘zgargan. 28-fevralga qadar narx bir megavatt-soat uchun taxminan 30 yevroni tashkil qilgan bo‘lsa, hozirda kotirovkalar 72 yevro atrofida saqlanib turibdi.

Yevropa bozori ishtirokchilari qish mavsumida narxlarning yanada ko‘tarilishidan xavotirda. Xususan, agar Basra ko‘rfazidan suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berish hajmi oshmasa yoki ta’mirlash ishlari sababli Norvegiyadan eksportga qo‘yilgan cheklovlar saqlanib qolsa, narxlar bir megavatt-soat uchun 100 yevrodan ham oshib ketishi mumkinligi ma’lum qilindi.

Теглар

Мавзуга оид