Yil boshidan beri 1 milliondan ortiq o‘zbekistonlik xorijga safar qilgan
O‘zbekistonliklar uchun qo‘shni davlatlar hamon eng jozibador yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yilning yanvar-fevral oylarida 1 081 612 nafar O‘zbekiston fuqarosi turistik maqsadlarda chet elga safar qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda qariyb 49,3 ming nafarga ko‘pdir.
O‘zbekistonliklar safar uchun eng ko‘p qo‘shni davlatlarni afzal ko‘rishmoqda. Qirg‘iz Respublikasi 426 421 nafar sayyoh bilan ro‘yxatda mutlaq yetakchi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni tegishlicha Tojikiston (179 390 nafar) hamda Qozog‘iston (166 017 nafar) egalladi. Shuningdek, Saudiya Arabistoniga safar qilganlar soni 115 350 nafarni tashkil etib, kuchli to‘rtlikka kirdi.
Ro‘yxatning davomida Rossiya (62 054), Turkiya (34 634) va Birlashgan Arab Amirliklari (26 449) kabi davlatlarni ko‘rish mumkin. Shuningdek, ekzotik va uzoq masofali yo‘nalishlarga ham qiziqish ortib bormoqda:
Tailand: 10 946 nafar
Xitoy: 8 890 nafar
Misr: 8 872 nafar
Bu raqamlar o‘zbekistonliklar nafaqat qo‘shni davlatlar, balki jahonning eng yirik turistik markazlariga ham faol chiqayotganini tasdiqlaydi.





