Yo‘l qurilishida laboratoriya nazorati bo‘yicha yangi tartib joriy etildi
Avtomobil yo‘llarini qurish va ta’mirlashda laboratoriya sinovlarini o‘tkazishning yagona tartibi tasdiqlandi. Yangi talablar ish sifati nazoratini kuchaytirishga qaratilgan.
© yandexmapsAdliya vazirligi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashda laboratoriya sinovlarini amalga oshirish to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat 2026 yil 20-iyulda 3904-son bilan ro‘yxatga olingan.
Nizom avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarining yo‘l qurilishiga oid hujjatlarga muvofiqligi hamda sifati laboratoriya sinovlari orqali qanday tekshirilishini belgilaydi.
Hujjatga muvofiq, pudrat tashkiloti bajarilgan ishlar sifati ustidan doimiy laboratoriya nazoratini ta’minlashi shart. Agar pudratchining o‘z sinash laboratoriyasi bo‘lmasa, u shartnoma asosida tashqi laboratoriyani jalb qilishi mumkin.
Nazorat kuchaytiriladi
Nizomga ko‘ra, buyurtmachi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini qabul qilib olishda ularning sifati va loyiha hujjatlariga muvofiqligini aniqlash uchun mustaqil sinash laboratoriyasini jalb etadi.
Bunday laboratoriya albatta akkreditatsiyadan o‘tgan bo‘lishi kerak. Uni jalb qilish «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun talablari asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, buyurtmachiga pudrat tashkilotining o‘z laboratoriyasini yoki pudratchi jalb qilgan laboratoriyani qabul qilish jarayonida qayta jalb etish taqiqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda transport muammosini yengillashtirish uchun qariyb 100 kilometrlik halqa yo‘li va yangi aeroportga olib boruvchi magistral pulli yo‘llar qurilishi muhokama qilinayotganligi haqida xabar berilgandi.





