Zafarobod tumani hokimi avariyaga uchradi
Mashinani maktabda o‘qiydigan o‘g‘li boshqargani aytilmoqda. Avtomobil katta yuk mashinasining orqa tomoniga urilgan. Ota-bola shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

30-avgust kuni Jizzax viloyati Zafarobod tumani hokimi G‘ayratjon Eshpo‘latov va uning voyaga yetmagan o‘g‘li KIA Seltos xizmat avtomobilida yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Aytilishicha, avtomobil katta yuk mashinasining orqa tomoniga urilgan, rulda hokimning maktabda o‘qiydigan o‘g‘li bo‘lgan.
Tan jarohatlari olgan ota-bola dastlab Zafarobod tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. Ammo ularning ahvoli og‘ir bo‘lgani bois tez yordam mashinasida Respublika shoshilinch yordam ilmiy markazining Jizzax shahridagi filialiga olib ketilgan.

Vaqt.uz holatga aniqlik kiritish uchun Jizzax viloyati hokimligi matbuot kotibi Akmal Binoqulov bilan bog‘landi. U hokimning yo‘l-transport hodisasiga uchraganini tasdiqlamadi, ammo inkor ham etmadi.
Ma’lumot uchun, G‘ayratjon Eshpo‘latov 2024-yil 5-martdan buyon Zafarobod tumani hokimi sifatida ish yuritmoqda.





