Logo

50 yilga nol soliq stavkasi va ingliz huquqi: Toshkent xalqaro moliya markazi qanday ishlaydi?

Kecha 22:598 daqiqa

Toshkent xalqaro moliya markazida moliya kompaniyalari uchun alohida soliq va huquqiy rejim joriy etilmoqda. Ishtirokchilar 2076 yilgacha ayrim soliqlardan ozod qilinadi, tijorat munosabatlari esa Angliya va Uels umumiy huquqi asosida tartibga solinadi. Xo‘sh, markaz amalda qanday ishlaydi?

50 yilga nol soliq stavkasi va ingliz huquqi: Toshkent xalqaro moliya markazi qanday ishlaydi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-iyun kuni beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqida Toshkent xalqaro moliya markazi ishtirokchilari uchun foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, mol-mulk solig‘i va bojxona bojlarini nol foiz etib belgilash rejasini ma’lum qildi.

Davlat rahbarining aytishicha, mazkur imtiyozlar dastlabki bosqichda 50 yil davomida amal qiladi. Markaz ishtirokchilariga kapitalni erkin olib chiqish, istalgan valutada hisob-kitob qilish, moliyaviy texnologiyalar, raqamli aktivlar va «yashil» moliya vositalaridan foydalanish imkoniyati beriladi.

Markazda Angliya huquqiga asoslangan maxsus tartib joriy qilinishi, mustaqil moliyaviy regulyator hamda xorijiy sudyalar va ekspertlar faoliyat yuritadigan Toshkent xalqaro tijorat sudi tashkil etilishi ham rejalashtirilgan.

Ammo Toshkent xalqaro moliya markazi oddiy soliq imtiyozlari beriladigan erkin iqtisodiy zona emas. U o‘zining tartibga solish tizimi, huquqiy qoidalari, litsenziyalash organlari va nizolarni ko‘rib chiqadigan sudiga ega alohida moliyaviy yurisdiksiya sifatida shakllantirilmoqda.

Markazda kimlar faoliyat yuritishi mumkin?

Toshkent xalqaro moliya markazi faqat an’anaviy banklar uchun mo‘ljallanmagan. Prezidentning 2026 yil 30-martdagi farmoniga ko‘ra, markaz hududida quyidagi yo‘nalishlarda faoliyat yuritishga ruxsat beriladi:

bank va investitsiya faoliyati;
sug‘urta va qayta sug‘urta xizmatlari;
qimmatli qog‘ozlar va kapital bozori;
to‘lov tizimlari va moliyaviy texnologiyalar;
raqamli va kriptoaktivlar;
islomiy va «yashil» moliya;
auditorlik, konsalting va yuridik xizmatlar.

Markaz ishtirokchisi bo‘lish uchun kompaniya uning hududida ro‘yxatdan o‘tishi, tegishli litsenziya yoki ruxsatnomani olishi va markaz regulyatori belgilaydigan talablarga javob berishi kerak bo‘ladi.

Shuning uchun imtiyozlar Toshkent shahrida ishlayotgan barcha kompaniyalarga avtomatik ravishda tatbiq etilmaydi. Nol soliq rejimidan faqat markaz ishtirokchisi maqomini olgan va belgilangan faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar foydalanishi mumkin.

Markaz Tashkent City majmuasi hududida — Islom Karimov ko‘chasi, Yangi Toshkent yo‘li va O‘qchi ko‘chasi oralig‘ida joylashadi. Bu yerda Hilton Tashkent City, Xalqaro kongress markazi, NestOne majmuasi hamda Lukoil ofisi joylashgan.

«Nol soliq» amalda nimani anglatadi?

Prezident forumdagi nutqida foyda solig‘i, QQS, mol-mulk solig‘i va bojxona bojlarini nol foiz etib belgilashini aytdi. Amaldagi Prezident farmonida esa imtiyozlarning aniq qo‘llanish doirasi batafsilroq ko‘rsatilgan.

Farmonga muvofiq, markaz organlari va ishtirokchilarining markaz hududida ko‘rsatgan xizmatlaridan olgan daromadlari foyda solig‘i va ijtimoiy soliqdan ozod qilinadi. Bunda raqamli aktivlar birjalari mazkur imtiyozdan mustasno qilingan.

Markaz organlari va ishtirokchilari ko‘rsatadigan xizmatlar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ham ozod etiladi.

Markaz hududida foydalanish yoki iste’mol qilish uchun import qilinadigan tovarlar bo‘yicha bojxona to‘lovlari undirilmaydi.

Mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha imtiyoz esa farmon matnida markaz organlari tasarrufidagi yoki ular foydalanadigan obyektlarga nisbatan belgilangan.

Bundan tashqari, markaz fond birjasining rasmiy ro‘yxatiga kiritilgan qimmatli qog‘ozlarni sotishdan olingan daromadlar, ular bo‘yicha dividend va foizlar ham soliqlardan ozod qilinadi.

Markaz ishtirokchisi bo‘lgan kompaniyalarning aksiyalari yoki ustav kapitalidagi ulushlarini sotishdan olinadigan daromadlarga ham soliq imtiyozi berilishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur imtiyozlar 2076 yil 1-yanvargacha, ya’ni qariyb 50 yil davomida amal qilishi belgilangan.

Markaz xodimlari ham soliq imtiyozi oladimi?

Markazda ishlaydigan chet el fuqarolariga to‘lanadigan mehnat daromadlari jismoniy shaxslarning daromad solig‘idan ozod qilinadi.

O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan xodimlar uchun esa markaz organlari va ishtirokchilaridan olinadigan ish haqi bo‘yicha daromad solig‘i stavkasi 7 foiz etib belgilanadi.

Markaz organlari va ishtirokchilariga xorijiy fuqarolarni alohida mehnat faoliyati tasdiqnomasini olmasdan ishga qabul qilish huquqi beriladi.

Chet ellik xodimlar va ularning oila a’zolari uchun besh yilgacha amal qiladigan maxsus viza tartibi ham joriy etilishi rejalashtirilgan.

Bu xalqaro banklar, yuridik kompaniyalar, investitsiya fondlari va auditorlik tashkilotlariga xorijdan tajribali mutaxassislarni jalb qilishni osonlashtirishi mumkin.

Ingliz huquqi O‘zbekistonda qanday ishlaydi?

Markazning eng muhim xususiyatlaridan biri — uning hududida Angliya va Uels umumiy huquqi hamda adolat tamoyillarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash rejasidir.

Bu markaz hududi Buyuk Britaniya yurisdiksiyasiga o‘tadi yoki O‘zbekiston qonunlari umuman ishlamaydi degani emas.

Angliya huquqi, asosan, markazdagi fuqarolik, korporativ, tijorat, bank va moliyaviy munosabatlarga tatbiq etiladi. Markaz to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonun yoki markazning o‘z hujjatlarida boshqa qoida belgilangan bo‘lsa, o‘sha maxsus normalar ustun turadi.

Masalan, kompaniyalar o‘rtasidagi investitsiya bitimi, aksiyadorlik kelishuvi, obligatsiya chiqarish, qarz majburiyati yoki kompaniyani sotib olish bilan bog‘liq nizo ingliz huquqi tamoyillari asosida hal qilinishi mumkin.

Ingliz huquqining tanlanishi xalqaro investorlar uchun tushunarli va oldindan prognoz qilish mumkin bo‘lgan huquqiy muhit yaratish maqsadi bilan izohlanadi.

Xalqaro kreditlar, obligatsiyalar, investitsiya fondlari, qo‘shilish va sotib olish bitimlari hamda yirik aksiyadorlik kelishuvlarida ingliz huquqi keng qo‘llanadi.

Natijada xorijiy investor O‘zbekistondagi loyihasida o‘zi xalqaro bitimlarda ishlatib kelgan huquqiy vositalardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Angliya va Uels huquqi aynan qanday tartibda ishlashi hozircha yakuniy belgilanmagan. Bu markaz to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonunning oxirgi tahririda nazarda tutiladigan normalarga bog‘liq bo‘ladi.

Prezidentning 30-martdagi farmonida markaz hududida maxsus huquqiy rejim Konstitutsiyaviy qonun bilan o‘rnatilishi belgilangan. Shu bilan birga, farmonda ushbu rejim doirasida Angliya va Uels umumiy huquqi hamda adolat tamoyillarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash nazarda tutilgan. Bunda Konstitutsiyaviy qonun va markazning o‘z normativ-huquqiy hujjatlarida belgilangan istisnolar hisobga olinadi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasining Qonunchilik palatasida qabul qilingan tahririda esa markaz hududida O‘zbekiston Konstitutsiyasi, Konstitutsiyaviy qonun va markaz qarorlariga zid bo‘lmagan holda Angliya va Uels huquqining prinsiplari, qonunchiligi hamda sud pretsedentlarini qo‘llash taklif qilingan edi.

Biroq mazkur hujjat hali yakuniy qabul qilinmagan. Shu sababli Angliya huquqining qaysi munosabatlarga tatbiq etilishi, O‘zbekiston qonunchiligi bilan kolliziya yuzaga kelganda qaysi norma ustun bo‘lishi, ingliz sud pretsedentlaridan qanday foydalanilishi va Toshkent xalqaro tijorat sudining bu boradagi vakolatlari yakuniy Konstitutsiyaviy qonunga bog‘liq.

Demak, hozircha Angliya huquqi markazda to‘liq va shakllangan tartibda ishlay boshlagan, deb aytish noto‘g‘ri. Hozir mavjud bo‘lgan farmon umumiy modelni belgilaydi, uning amaliy mexanizmlari esa Konstitutsiyaviy qonun va keyinchalik markaz organlari qabul qiladigan hujjatlar orqali aniqlashtirilishi kerak.

Alohida tijorat sudi qanday ishlaydi?

Markaz tarkibida Toshkent xalqaro tijorat sudi tashkil qilinadi. U birinchi instansiya va apellyatsiya bosqichlaridan iborat bo‘lishi rejalashtirilgan.

Sud markaz faoliyati bilan bog‘liq nizolarni, taraflar mazkur sud yurisdiksiyasini tanlagan shartnomalardan kelib chiqadigan ishlarni hamda ayrim xalqaro arbitraj masalalarini ko‘rib chiqishi mumkin bo‘ladi.

Sud faoliyatiga xorijiy sudyalar va xalqaro ekspertlarni jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Uning qarorlari taraflar uchun majburiy bo‘ladi va O‘zbekiston sudlari hujjatlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda ijro qilinishi rejalashtirilgan.

Bunday tizimning maqsadi — investorlarni O‘zbekistondagi bitim bo‘yicha nizo yuzaga kelganida London, Dubay yoki Singapur sudlari va arbitraj markazlariga murojaat qilishga majbur qilmaslik.

Kapitalni cheksiz olib chiqib ketish

Farmonda markaz ishtirokchilariga uning hududidagi faoliyatdan olingan kapital yoki daromadni cheklovlarsiz repatriatsiya qilish huquqi berilishi nazarda tutilgan.

Ya’ni xorijiy investor kiritgan kapitalini, olgan foyda va dividendlarini yoki kompaniyadagi ulushini sotishdan tushgan mablag‘ni xorijga olib chiqishi mumkin bo‘ladi.

Markaz ishtirokchilari pul majburiyatlarini shartnomalarda belgilangan xorijiy valutada, ayrim holatlarda esa kriptoaktivlarda ham bajarishi mumkin.

Biroq bu tartiblar kompaniyalarni moliyaviy monitoring, sanksiyalar, pul yuvishga qarshi kurash va mablag‘larning kelib chiqishini tekshirish talablaridan ozod qilmaydi.

Markazning tashkiliy boshqaruvida kimlar bor?

TXMM faoliyatini prezident boshchiligidagi kengash boshqaradi. Prezident Shavkat Mirziyoyev kengash raisi hisoblanadi.

Kengash tarkibiga quyidagi amaldorlar kiradi:

Jamshid Qo‘chqorov — Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri

Jamshid Xo‘jayev — Bosh vazir o‘rinbosari

Sherzod Ozodzoda — Prezident administratsiyasi rahbarining tadbirkorlik loyihalari bo‘yicha o‘rinbosari

Laziz Qudratov — investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri

Akbar Toshqulov — adliya vaziri

Timur Ishmetov — Markaziy bank raisi

Dmitriy Li — Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori

Shuningdek, kengash tarkibiga TXMM boshqaruvchisi, moliyaviy xizmatlar boshqarmasi boshlig‘i hamda huquq sohasidagi mustaqil ekspert kiradi.

Bundan tashqari, xalqaro moliya markazlari, kapital bozorlari va bank sohasi bo‘yicha uch nafar mustaqil xalqaro ekspert ham tayinlanadi. Kengashning mustaqil a’zoligiga nomzodlar tanlov asosida aniqlanadi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan uch yil muddatga lavozimga tayinlanadi.

Oddiy kompaniyalar markazdan qanday foydalanishi mumkin?

Markazning bevosita ishtirokchilari asosan moliyaviy va professional xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar bo‘ladi. Ammo uning xizmatlaridan boshqa mahalliy korxonalar ham foydalanishi mumkin.

Masalan, O‘zbekiston kompaniyasi markaz orqali obligatsiya chiqarishi, aksiyalarini investorlarga taklif qilishi yoki xalqaro investitsiya fondidan kapital jalb qilishi mumkin.

Energetika kompaniyalari «yashil» obligatsiyalar, islomiy moliya vositalari orqali esa sukuk va boshqa muqobil moliyalashtirish instrumentlarini chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.

Mahalliy kompaniyalar markazdagi bank, sug‘urta, auditorlik, yuridik va konsalting xizmatlaridan ham foydalanadi.

Shu ma’noda, Toshkent xalqaro moliya markazi faqat xorijiy kompaniyalar uchun soliq zonasi emas, balki O‘zbekiston biznesining xalqaro kapital bozoriga chiqish maydoni sifatida ko‘rilmoqda.

Huquqiy asos hali to‘liq shakllanmagan

Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil qilish bo‘yicha huquqiy asos umuman mavjud emas, deb bo‘lmaydi. Prezidentning 30-martdagi PF–48-sonli farmoni kuchga kirgan va unda markazning tuzilishi, faoliyat yo‘nalishlari, rejalashtirilgan imtiyozlari hamda umumiy ishlash modeli belgilangan.

Biroq farmonning o‘zida markaz hududidagi maxsus huquqiy rejim alohida Konstitutsiyaviy qonun bilan o‘rnatilishi qayd etilgan.

«Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborilgan edi. Ammo Senat 13-iyun kuni hujjatni ma’qullamadi va takomillashtirish uchun quyi palataga qaytardi.

Senatorlar, xususan, Toshkent xalqaro tijorat sudi sudyalariga qo‘yiladigan talablarni qayta ko‘rib chiqish zarurligini bildirdi.

Shuningdek, sudning xalqaro arbitrajga oid ishlarni, ma’muriy-huquqiy nizolarni ko‘rish hamda Konstitutsiya va qonunlarga sharh berish vakolatlarini aniqroq belgilash taklif qilindi.

Hujjatni qayta ishlash uchun Senat va Qonunchilik palatasi vakillaridan iborat kelishuv komissiyasi tuzilishi belgilangan.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 201

Barchasi

Mavzuga oid