8 yilga qamalgan Mubin Mirzayev, vazirlikka qaytgan Sherzod Xo‘jayev hamda oshayotgan ajrim va kamayayotgan nikohlar — 27-iyul dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘zbekistonda yarim yilda 2,3 mingga yaqin YTH sodir bo‘ldi
2026 yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda jami 2 286 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu hodisalar oqibatida 3 306 nafar kishi jabrlangan.
Hududlar kesimida eng ko‘p YTH Toshkent shahrida qayd etilgan — 420 ta. Keyingi o‘rinlarda Samarqand viloyati (311 ta), Toshkent viloyati (271 ta), Farg‘ona viloyati (218 ta) va Namangan viloyati (196 ta) joylashgan.
Eng kam YTH Buxoro viloyatida kuzatilgan — 48 ta. Shuningdek, Sirdaryo viloyatida 50 ta, Jizzax viloyatida 75 ta, Navoiy viloyatida 83 ta, Xorazm viloyatida 85 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 114 ta, Surxondaryo viloyatida 120 ta, Qashqadaryo viloyatida 135 ta va Andijon viloyatida 160 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan.
Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari 8 yildan ortiq muddatga qamaldi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi Soliq qo‘mitasi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevni juda ko‘p miqdordagi talon-toroj, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va hokimiyat harakatsizligida aybdor deb topib, 8 yil 2 oyga ozodlikdan mahrum qildi. Unga, shuningdek, 3 yil muddatga muayyan huquqlardan mahrum qilish jazosi ham tayinlandi. Ish bo‘yicha yana 9 nafar sudlanuvchiga 4 yildan 9 yilgacha qamoq jazosi berildi.
Eslatib o‘tamiz, Mirzayev 2026 yil yanvar oyida Prezident tanqididan so‘ng lavozimidan ozod etilgan edi. O‘shanda davlat rahbari soliq tizimidagi qonunbuzilishlar, jumladan QQSni noqonuniy qaytarish, soliqdan bo‘yin tovlash va savdo tushumlarini yashirish holatlarini keskin tanqid qilib, bu yo‘nalish uchun mas’ul rahbar sifatida Mirzayevni ishdan olgandi.
Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berishga xususiy sektor jalb qilinadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimiga xususiy sektorni jalb qilish ma’qullandi. Yangi tartib dastlab Andijon viloyatida sinov tariqasida joriy etiladi. Unga ko‘ra, tadbirkorlar import qilgan yoki birja orqali sotib olgan suyultirilgan gazni aholi va biznes subyektlariga yetkazib berishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga gaz uchun subsidiya ajratiladi.
Yig‘ilishda yil yakuniga qadar suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni 606 ming tonnaga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Shu bilan birga, aholi ehtiyojidan kelib chiqib turli hajmdagi gaz ballonlarini joriy etish hamda gazni tashish va tarqatish tizimini xalqaro standartlar asosida qayta ko‘rib chiqish topshirildi.
Jo‘rabek Mirzamahmudov Energetika vazirligidan ketdi, o‘rniga Sherzod Xo‘jayev keldi
Bir paytlar energetika tizimidagi muammolar uchun tanqidlar bilan vazir o‘rinbosarligidan olingan Sherzod Xo‘jayev endi Energetika vaziri bo‘ldi. Prezident farmoni bilan 2022 yildan buyon vazir bo‘lib ishlagan Jo‘rabek Mirzamahmudov lavozimidan ozod etildi. Xo‘jayev esa uch yillik tanaffusdan so‘ng tizimga eng yuqori rahbar sifatida qaytdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida asosiy muammo mablag‘ yetishmasligi emas, balki boshqaruvda ekanini ta’kidladi. Davlat rahbari so‘nggi yillarda sohaga 23 milliard dollar investitsiya kiritilgani, 30 trillion so‘m tarmoqlarni yangilashga yo‘naltirilganini eslatib, shunga qaramay yoz va qish mavsumida minglab avariyalar, elektr uzilishlari va boshqaruvdagi sustkashliklar saqlanib qolayotganini keskin tanqid qildi.
Endi yangi vazir oldidagi asosiy vazifa milliardlab investitsiyalar natijasini aholi hayotida sezilarli qilishdir. Uch yil avval aynan tizimdagi qishki inqiroz ortidan lavozimidan olingan Sherzod Xo‘jayevga hukumat ikkinchi imkoniyatni berdi. Uning ishiga baho esa yaqinlashayotgan kuz-qish mavsumida elektr, gaz va issiqlik ta’minotidagi haqiqiy natijalar orqali beriladi.
O‘zbekistonda ajrimlar soni oshdi, nikohlar esa kamaydi
2026 yilning yanvar—iyun oylarida O‘zbekistonda 24 815 ta nikohdan ajralish qayd etildi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 1,5 mingtaga ko‘p. Har ming aholiga nisbatan ajrimlar koeffitsiyenti 1,3 promilleni tashkil etgan. Shu davrda 92,3 mingta nikoh rasmiylashtirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 3 mingtaga kam.
Ajrimlarning 60,1 foizi shaharlarda, 39,9 foizi qishloq joylarda qayd etilgan. Hududlar kesimida eng ko‘p ajrim Toshkent shahrida (3222 ta) kuzatilgan. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona (2676 ta), Samarqand (2608 ta), Andijon (2471 ta) va Toshkent viloyati (2334 ta) joylashgan. Eng kam ajrim esa Navoiy viloyatida — 673 ta qayd etilgan.





