Logo

AQSH qamali Eronni 6 milliard dollarlik neft daromadidan mahrum qildi

Bugun 09:006 daqiqa

Tankerlarni «suzuvchi ombor»ga aylantirgan Tehron ushbu iqtisodiy zarbaga yana qancha vaqt bardosh bera oladi?

AQSH qamali Eronni 6 milliard dollarlik neft daromadidan mahrum qildi © Foto: Anadolu

Ikki davlat o‘rtasidagi mo‘rt sulh fonida AQSHning dengiz qamali Tehronni eng muhim daromad manbaidan to‘sib qo‘ydi. Natijada, may oyida Eronning xom neft eksporti so‘nggi olti yil ichidagi eng past ko‘rsatkichga tushib ketdi.

Vashingtonning 13-aprelda Eron portlarini qamal qilishni boshlashi — prezident Donald Trampning Tehronni tinchlik bitimi shartlariga ko‘ndirishga qaratilgan rejasining bir qismidir. Eron esa bu harakatni noqonuniy deb qoralab, portlar atrofida AQSH tomonidan kemalarning ushlab qolinishini «qaroqchilik» deb atadi.

AQSHning bu qadami 28-fevralda boshlangan AQSH va Isroil hujumlariga javoban Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini aksariyat kemalar uchun yopib qo‘yishi ortidan yuz berdi. Fors ko‘rfazini ochiq okean bilan bog‘lovchi bu tor suv yo‘li orqali odatda dunyo neft va gaz ta’minotining qariyb 20 foizi tashiladi. Qatnovning to‘xtab qolishi jahon bozorida energiya narxlarining keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi va Fors ko‘rfazidagi asosiy ishlab chiqaruvchilar – Saudiya Arabistoni, Quvayt, Iroq hamda BAAning eksportini sezilarli darajada cheklab qo‘ydi.

Biroq o‘shanda Eron o‘z neftini katta hajmda eksport qilishda davom eta oldi. Bo‘g‘oz orqali yuk tashiy oladigan raqobatchilarning kamayib ketishi hisobiga, mart va aprel oylarining ma’lum bir qismida Eron eksporti barqaror saqlanib qoldi. Neft narxining oshishi esa uning daromadlarini yanada ko‘paytirdi.

Ammo yangi ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH Eron portlarini qamal qilishga kirishgach, vaziyat butunlay o‘zgargan.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali qilinadigan neft eksporti Eron umumiy eksportining qariyb 80 foizini tashkil etadi. So‘nggi ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, qamal Eronning xorijga, xususan, o‘zining eng yirik xaridori bo‘lgan Xitoyga sotayotgan xom neft hajmini keskin kamaytirib yuborgan.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, bu qamal Eron iqtisodiyotiga juda katta moliyaviy zarar yetkaza boshlagan. Bu holat esa o‘rtaga jiddiy bir savolni tashlamoqda: Eron urushni yana qancha vaqt davom ettira oladi?

AQSH qamali Eron neft eksportiga qanday ta’sir ko‘rsatdi?

«Kpler» tahlil kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida Eronning xom neft va gaz kondensati eksporti kuniga qariyb 2 million barreldan 300 ming barrelgacha tushib ketgan. Taqqoslash uchun, «Kpler» qamal boshlanishidan oldingi 40 kunlik davr ko‘rsatkichlarini asos qilib olgan.

Garchi Eron dastlab Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi uzilishlardan o‘ziga xos foyda ko‘rgan bo‘lsa-da, oxir-oqibat shunday keskin pasayish yuz bergan. Urush boshlangach, Tehron ushbu strategik suv yo‘lini yopib qo‘ydi va natijada jahon bozorida neft va gaz narxlari keskin ko‘tarilib ketdi. Shunday sharoitda ham Eron bo‘g‘oz orqali o‘z neftini eksport qilishda davom etdi. Fors ko‘rfazidagi boshqa davlatlarning eksportiga o‘rnatilgan cheklovlar esa narxlarning yanada oshishiga xizmat qildi.

Qamaldan oldin, ya’ni mart oyida va aprelning aksariyat qismida Eronning neft eksporti nisbatan barqaror edi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozining boshqa davlatlar kemalari uchun yopib qo‘yilishi ortidan ko‘tarilgan narxlar Tehronga juda qo‘l keldi. Umuman olganda, Eron neft markalarining bir barreli 90 dollardan yuqori baholandi, ayrim hollarda esa bu ko‘rsatkich 100 dollardan ham oshib ketdi.

Narxni eng past ko‘rsatkich — 90 dollar deb hisoblaganda ham, kunlik 300 ming barrel eksport Eronga kuniga taxminan 27 million dollar yoki may oyining o‘zida qariyb 837 million dollar daromad keltirgan.

Biroq bu yil boshidagi holatga nisbatan juda keskin pasayish hisoblanadi. Masalan, mart oyida eksport kuniga o‘rtacha 1,84 million barrelni tashkil etgan va Eron bu orqali kunlik 165,6 million dollar (oyiga 5,13 milliard dollar) ishlab topgan edi. Aprel oyida esa bu ko‘rsatkich kuniga o‘rtacha 1,34 million barrelni tashkil etib, kunlik daromad qariyb 120,6 million dollar (oyiga 3,62 milliard dollar) ga yetgan.

«Lloyd’s List» nashrining qayd etishicha, bu raqamlar Eronning may oyidagi neft daromadi martdagiga nisbatan qariyb 84 foizga kamayganini ko‘rsatmoqda. Bu esa AQSH qamalining iqtisodiy zarbasi naqadar kuchli ekanidan dalolat beradi. Agar Eron daromadlari mart oyidagi kabi saqlanib qolishini rejalashtirgan bo‘lsa, demak, mamlakat faqatgina aprel va may oylarining o‘zidayoq 5,8 milliard dollar yo‘qotgan.

«Kpler» kompaniyasiga tayanib, «Al Jazeera» nashrining ma’lum qilishicha, statistika qamal tufayli Erondan chiqib ketayotgan yangi neft hajmi keskin kamayganini ko‘rsatsa-da, bu raqamlar xaridorlarga yetib borayotgan real ko‘rsatkichlarni to‘liq aks ettirmasligi mumkin. Sababi, ayrim yuklar Eron suvlarini tark etganidan so‘ng, Malayziya qirg‘oqlari yaqinida bir kemadan boshqasiga yashirincha qayta yuklanmoqda.

Eron hamon neft ishlab chiqarmoqda

Hozircha ha. Ammo Tehron sota olmayotgan xom neftini tobora ko‘proq omborlarda saqlashga majbur bo‘lmoqda.

Energetika siyosati bo‘yicha tadqiqotchi va maslahatchi Mark Ayubning aytishicha: «Eron o‘zida qolgan saqlash imkoniyatlaridan strategik tarzda foydalanmoqda. Ma’lumotlar qamal ish berayotganini ko‘rsatmoqda, biroq haqiqiy bosim o‘sha omborlar to‘lib, boshqa joy qolmaganidan keyingina boshlanadi».

Ushbu zaxiralarning katta qismi suzuvchi omborlarga aylangan dengizdagi tankerlarda saqlanmoqda. «Kpler» ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Eronning taxminan 147 million barrel xom nefti va gaz kondensati aynan shunday tankerlarda turibdi. Bu umumiy hajmning qariyb 67 million barreli AQSH qamal chizig‘idan o‘ta olmay, Fors va O‘mon ko‘rfazlari ichida qolib ketgan.

Eron neft tankerlaridan tobora ko‘proq vaqtinchalik ombor sifatida foydalanmoqda. Xom neft ortilgan kemalar xaridorlarga yetib borish yo‘llari topilguniga qadar, qirg‘oq yaqinida langar tashlab turishga majbur.

Eron qamalni aylanib o‘tishning ba’zi yo‘llarini topdi

May oyida kuniga taxminan 300 ming barrel neft AQSH qamalini aylanib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi.

«Qamal boshlanganidan beri ayrim kemalar hamon dengiz chegaralaridan o‘tib ketmoqda. Eron cheklovlarni aylanib o‘tishning ba’zi yo‘llarini topdi, shu sababli eksport hajmi ancha tushib ketgan bo‘lsa-da, davom etmoqda», — deydi Ayub.

Ayubning fikricha, qamalning dastlabki ta’siri ishlab chiqarishni to‘xtatishda emas, balki neft savdosidan, xususan, Eronning eng yirik xaridori bo‘lmish Xitoydan keladigan pul oqimini uzib qo‘yishda yaqqol sezildi.

«Bu uzoq muddatli istiqbolda og‘riqli, ammo u zudlik bilan kuchli iqtisodiy zarba keltirib chiqarmasligi mumkin», — deya qo‘shimcha qildi u.

Eron va Xitoy Ho‘rmuz va Malakka kabi dengiz bo‘g‘ozlariga qaramlikni kamaytirish maqsadida bir necha yillardan beri quruqlikdagi savdo yo‘llarini rivojlantirish ustida ishlamoqda.

Biroq tahlilchilarning ta’kidlashicha, temir yo‘l transporti Eron neft eksporti uchun sezilarli muqobil yo‘l bo‘la olishi dargumon. Chunki Xitoy va Eron o‘rtasida qatnayotgan aksariyat yuk poyezdlari xom neft emas, balki tayyor sanoat va iste’mol tovarlarini tashiydi.

Bundan tashqari, jiddiy logistik muammolar ham yo‘q emas. Masalan, Eronning asosiy neft konlari mamlakat janubida joylashgan bo‘lsa, uni qayta ishlovchi Xitoy zavodlarining katta qismi mamlakatning sharqiy qirg‘oqlarida jamlangan. Bu esa ushbu zavodlar Markaziy Osiyo orqali o‘tadigan temir yo‘l tarmoqlaridan minglab kilometr uzoqlikda joylashganini anglatadi.

Temiryo‘l orqali bitta poyezdda, odatda, 60 000 dan 70 000 barrelgacha neft tashiladi. Bir  barrel neft narxi 90 dollar bo‘lganda, 70 ming barrellik yuk taxminan 6,3 million dollarga baholanadi.

Taqqoslash uchun, bitta oddiy neft tankeri 600 mingdan ortiq barrel xom neftni sig‘dira oladi. O‘ta yirik neft tankerlari (VLCC) esa birgina qatnovda 2 million barreldan ortiq yukni manzilga yetkazib berish imkoniyatiga ega. Boshqacha aytganda, bitta tanker tashiydigan neft hajmini yetkazib berish uchun o‘nlab poyezd qatnovlari talab etiladi.

Eron bu iqtisodiy zarbaga dosh bera oladimi?

Tahlilchilarning fikricha, bu qamal — oxir-oqibat qaysi tomon iqtisodiy qiyinchiliklarga uzoqroq bardosh bera olishini sinovdan o‘tkazadigan kurashga aylangan.

Neft daromadlarining kamayishi Eronning harbiy operatsiyalarni moliyalashtirish va urush davrida o‘z iqtisodiyotini ushlab turish qobiliyatiga asta-sekin jiddiy putur yetkazishi tayin. Ammo buning zararini faqat Eronning o‘zi tortayotgani yo‘q.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi davomli uzilishlar Fors ko‘rfazidagi boshqa yirik neft ishlab chiqaruvchilarning ham o‘z mahsulotlarini odatdagidek eksport qilishiga to‘sqinlik qilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, dunyo bo‘ylab energiya narxlarining oshishiga hamda AQSH bozorlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan global iqtisodiyotga bosimning kuchayishiga olib keldi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, bosim Eronda sezila boshlagan. Ammo asosiy savol shundaki: Qo‘shma Shtatlar ushbu bosim kutilgan natijani berguniga qadar global iqtisodiy oqibatlarga yetarlicha uzoq vaqt bardosh bera oladimi? 

Teglar

Mavzuga oid