Armanistondagi saylovlarga bir hafta qoldi: g‘azabdagi Moskva Yerevanga qarshi amaliy harakatlar boshladi

Kecha 22:122 daqiqa

Moskva o‘z ta’sir doirasini saqlab qolish uchun hatto qo‘shni davlatlarni ham bu jarayonga jalb etishga urinyapti.

Armanistondagi saylovlarga bir hafta qoldi: g‘azabdagi Moskva Yerevanga qarshi amaliy harakatlar boshladi

Armanistonda shu yakshanba, 7-iyun kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari arafasida Rossiya Yerevanga nisbatan bosimni kuchaytirib, qator mahsulotlar importini taqiqlamoqda va iqtisodiy choralar bilan tahdid qilyapti. Bu haqda «Meduza» xabar berdi.

Rossiya Kreml nazarida g‘arbparast kursni tanlagan Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanni bir necha bor tanqid qilgan. Armaniston Rossiyaning Ozarboyjon bilan nizoda Yerevanni qo‘llab-quvvatlashdan amalda bosh tortganidan so‘ng, Yevropa Ittifoqi va AQSH bilan faol hamkorlik qilishni boshlagan edi. Ayni paytda Moskva saylovlarga qadar uy qamog‘ida bo‘lgan rossiyaparast tadbirkor Samvel Karapetyanning nomzodi qo‘yilishini talab qilmoqda.

Taqiqlar, tahdidlar va iqtisodiy cheklovlar

Saylovoldi davrida Rossiyaning Armanistonga nisbatan ta’sir o‘tkazish harakatlari quyidagi yo‘nalishlarda kuzatilmoqda:

Mahsulotlar importiga cheklov: «Rosselxoznadzor» Armanistondan qulupnay, pomidor, bodring, qalampir, ko‘katlar, konyak va vinoning ayrim markalari, «Jermuk» mineral suvi, gullar va baliq olib kirishni cheklab qo‘ydi.

Energetika va xomashyo tahdidi: Rossiya energetika vaziri Sergey Sivilev agar Armaniston Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish jarayonini davom ettirsa, tabiiy gaz, neft mahsulotlari hamda ishlov berilmagan olmos yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qildi.

Iqtisodiy integratsiyani to‘xtatish: RF prezidenti Vladimir Putin Ostonadagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) sammitidan so‘ng, Armaniston Ittifoq standartlaridan YI standartlariga o‘tishni boshlasa, Moskva Yerevan bilan barcha iqtisodiy integratsiyani to‘xtatishini va Armaniston fuqarolari Rossiyada ishlash uchun patent olishiga to‘g‘ri kelishini ma’lum qildi. Putin o‘z vaqtida Ukrainadagi inqiroz ham Kiyevning YIga qo‘shilishga urinishlari sababli boshlanganini qo‘shimcha qildi.

Elchining chaqirib olinishi: Rossiya TIV Armaniston rahbariyatining YI bilan yaqinlashish va YOII doirasidagi hamkorlikka zarar yetkazuvchi qadamlari munosabati bilan RFning Armanistondagi elchisi Sergey Kopыrkinni maslahatlashuvlar uchun ortga chaqirib oldi.
Ittifoqchilarning talabi va Pashinyanning munosabati

Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hukumatlari Armanistondan YOIIda qolish yoki Yevropa Ittifoqiga intilish masalasida referendum o‘tkazishni talab qilgan. Bosh vazir Nikol Pashinyan ushbu masala hozircha nazariy ekanligini ta’kidlab, referendum o‘tkazishdan bosh tortgan. Saylov oldi mitingida chiqish qilgan Pashinyan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning Armaniston «hech kimga kerak emas» degan so‘zlariga javoban: «Biz endi faqatgina bir ittifoqchiga umid qilmayapmiz. Armaniston endi siz va sheriklaringiz tomonidan talon-toroj qilingan mamlakat emas», — deb bayonot bergan.

1-iyun kuni Vladimir Putin Pashinyanga 51 yoshga to‘lishi munosabati bilan qo‘ng‘iroq qilib, Ostonadagi sammit yakunlari haqida gaplashgan va yo‘llagan telegrammasida Rossiya Armaniston bilan do‘stona munosabatlarni bundan keyin ham rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirgan.

Teglar

Mavzuga oid